Jahon | 08:59
3010
4 daqiqa o‘qiladi

Eronda Ali Xominaiy dafn etildi

Eronning Mashhad shahrida mamlakatning sobiq oliy rahbari Ali Xominaiyni dafn etish marosimi yopiq formatda o‘tkazildi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalariga tayanib dpa axborot agentligi xabar berdi.

Foto: AP

Marosim olti kun davom etgan motam tadbirlarining yakuniy qismi bo‘ldi. Xominaiy AQSh va Isroil tomonidan uning qarorgohiga amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum qilingan edi.

Xominaiy Mashhad shahrida joylashgan Imom Rizo maqbarasi hududida dafn etildi. Bu majmua shia musulmonlari uchun eng muqaddas ziyoratgohlardan biri hisoblanadi va har yili millionlab ziyoratchilarni qabul qiladi. Shuningdek, havo hujumi vaqtida halok bo‘lgan Xominaiyning oila a’zolari ham shu yerga qo‘yildi.

Mazkur maqbarada 2024 yilda vertolyot halokatida vafot etgan Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy ham dafn etilgan.

Mo‘jtabo Xominaiy hali ham jamoatchilikka chiqmadi

Motam marosimlari davomida Ali Xominaiyning o‘g‘li Mo‘jtabo Xominaiy biror marta ham omma oldida ko‘rinish bermadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oliy rahbar lavozimi unga o‘tgan bo‘lsa-da, u 28 fevral kuni amalga oshirilgan havo hujumidan buyon jamoatchilik oldiga chiqmagan.

Turli ommaviy axborot vositalari uning uzoq vaqt ko‘rinmasligiga oid turli taxminlarni ilgari surmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, u hujum vaqtida og‘ir jarohat olgan, biroq o‘z vazifalarini bajarish imkoniyatini saqlab qolgan. Yana bir versiyaga ko‘ra, Isroil tomonidan ehtimoliy yangi hujum xavfi tufayli Eron rahbariyati uning xavfsizligini ta’minlash maqsadida jamoat oldiga chiqishini cheklagan.

Eronning Fars agentligi ma’lum qilishicha, Mo‘jtabo Xominaiy 19 iyul kuni Qum shahrida bo‘lib o‘tadigan yana bir xotira marosimida birinchi marta omma oldiga chiqishi kutilmoqda. Ushbu tadbirda u otasi xotirasiga bag‘ishlangan nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.

Motam tadbirlari bir necha shaharda o‘tkazildi

Ali Xominaiy bilan xayrlashuv marosimlari 4 iyul kuni boshlandi. Dastlab uning tobuti Tehrondagi marosimga qo‘yildi. Keyin esa Qum shahriga, shundan so‘ng Iroqning shialar uchun muqaddas hisoblangan Najaf va Karbalo shaharlariga olib borildi.

Eron rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, faqat Tehron shahridagi xayrlashuv marosimida 20 milliongacha odam qatnashgan.

AQSh va Eron o‘rtasidagi vaziyat yana keskinlashdi

AQSh prezidenti Donald Tramp 4 iyul kuni Vashington Erondagi motam marosimlari munosabati bilan muzokaralarda bir haftalik tanaffus qilganini bildirgan edi. U, shuningdek, Xominaiy bilan xayrlashish uchun yig‘ilgan odamlar soni kutilganidan ancha ko‘p bo‘lganini aytgan.

Biroq oradan ikki kun o‘tib, mintaqadagi keskinlik yana kuchaydi. Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi bir nechta tankerga hujum qildi. Davlat televideniyesi bu harakatni kemalar Tehron bilan kelishmasdan harakatlangani bilan izohladi.

Bunga javoban AQSh Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sohil bo‘yidagi obektlariga zarba berdi. Keyinroq Eron Bahrayn va Kuvaytdagi Amerika harbiy bazalariga hujum uyushtirdi.

Anqarada o‘tgan NATO sammiti davomida jurnalistlar bilan suhbatlashgan Donald Tramp Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amalda emasligini va Tehron bilan muzokaralar o‘tkazish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, AQSh ma’muriyati vakillari tomonlar o‘rtasidagi diplomatik muloqot zarbalar almashinuviga qaramay davom etayotganini ta’kidlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid