O‘zbekiston | 13:30
4129
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umrzoqov boshqa ishga o‘tkazildi

Sardor Umrzoqov prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimini tark etdi (bu lavozim tugatilgan). U endi Abdulla Abduqodirov o‘rniga Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori lavozimiga o‘tkazilgan.

Foto: Prezidenti administratsiyasi

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan Sardor O‘ktamovich Umrzoqov O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Shu munosabat bilan u O‘zbekiston prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi (prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimi tugatildi).

Sardor Umrzoqov (1977 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, so‘ngra Reding universiteti (Buyuk Britaniya) magistraturasida o‘qishni davom ettirgan, PhD darajasiga ega.

Uzoq vaqt davomida O‘zbekiston bank tizimida va xorijda – Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London, Buyuk Britaniya), shuningdek, moliya organlari tuzilmasida, xususan, vazirlik g‘aznachiligida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

O‘z faoliyati davomida «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi boshqaruvi raisi maslahatchisi (2014−2017), rais o‘rinbosari (2017–2018) va «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi (2018–2019) lavozimlarida ishlagan.

2019 yil yanvar oyida u Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangandi, 2020 yil mart oyida bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan. 2022–2023 yillarda prezident administratsiyasiga rahbarlik qilgan.

2025 yil iyul oyidan beri prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Abdulla Abduqodirov / Kun.uz

Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligiga 2026 yil mayidan buyon Abdulla Abduqodirov (v.b) rahbarlik qilayotgandi. U 2022 yil dekabridan buyon ushbu agentlik direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Prezident matbuot xizmati xabarida Abdulla Abduqodirov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan agentlik rahbarligidan ketgani ma’lum qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid