O‘zbekiston | 09:15
751
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy filmlar uchun rebate tizimi: yangi tartib tasdiqlandi

O‘zbekistonda film suratga oladigan xorijiy kinokompaniyalar uchun yangi moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmi joriy etildi. Endi ular respublika hududida film ishlab chiqarish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Foto: Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 8 iyuldagi 372-son qarori bilan «Xorijiy kinokompaniyalarning O‘zbekiston hududida o‘z filmlarini yaratish bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qaytarish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.

Mazkur hujjat xorijiy kinokompaniyalarga O‘zbekistonda film suratga olish jarayonida sarflangan mablag‘larning bir qismini rebate dasturi orqali qaytarish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, kompensatsiya miqdori tasdiqlangan xarajatlar hajmiga qarab quyidagicha belgilangan:

  • 3 mlrd so‘mgacha — 10 foiz;

  • 3 mlrd so‘mdan 5 mlrd so‘mgacha — 15 foiz;

  • 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha — 20 foiz;

  • 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lganda — 25 foiz.

Bunda bir film uchun qaytariladigan mablag‘ 4 mlrd so‘mdan oshmaydi.

Rebate dasturida ishtirok etish uchun xorijiy kinokompaniya maxsus elektron platforma orqali ariza topshiradi. O‘zbekiston hududidagi tasvirga olish ishlari yakunlanganidan keyin amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar 60 kun ichida platformaga yuklanishi lozim.

Arizalar komissiya tomonidan 15 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy xulosa berilgan taqdirda, kompensatsiya mablag‘lari 5 ish kuni ichida xorijiy kinokompaniyaning hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Yangi tartib O‘zbekistonni xalqaro kino ishlab chiqarish uchun yanada jozibador maydonga aylantirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish hamda milliy kino industriyasi rivojini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid