Jahon | 09:19
1222
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Azov-Don kanali orqali kemalar harakatini chekladi

Ukraina tomonidan Azov dengizidagi kemalarga uyushtirilgan dron hujumlaridan so‘ng Rossiya Azov-Don dengiz kanali orqali kema harakatini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Bu haqda Reuters agentligi Rossiyaning g‘alla eksporti sohasidagi uch manbasiga tayanib xabar berdi.

Foto: REUTERS

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya FXXga bo‘ysunuvchi Chegara xizmati kema kompaniyalariga Azov-Don dengiz kanali orqali kemalar o‘tishi uchun arizalar qabul qilinishi vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabarnoma yuborgan. Cheklovlar qancha vaqt amal qilishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Manbalardan biri, shuningdek, Qora dengiz va Azov dengizini bog‘lovchi Kerch bo‘g‘ozi orqali ham kemalar harakati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Biroq Rossiya rasmiy idoralari bu qaror sabablarini izohlamagan. Reutersʼning qishloq xo‘jaligi va transport vazirliklariga yuborgan so‘rovlari ham javobsiz qolgan.

Bir necha kun avval Ukraina Qurolli kuchlari Azov dengizidagi Rossiya kemalariga qarshi keng ko‘lamli dron amaliyotlari o‘tkazilganini ma’lum qilgan edi. Ukraina Qurolli kuchlarining uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlari qo‘mondoni Robert Brovdi (“Madyar“) 9 iyul kuni o‘zining Telegram sahifasida to‘rt kun ichida kamida 25 ta kema nishonga olingani haqida ro‘yxat e’lon qildi. Uning qayd etishicha, ayrim kemalar bir necha marta hujumga uchragan.

Ukraina tomoni ma’lum qilishicha, nishonga olingan kemalarning aksariyati neft tankerlari bo‘lib, ular Rossiyaning xalqaro sanksiyalar ostidagi «yashirin floti» tarkibiga kiradi. Shuningdek, bir qator quruq yuk kemalari ham hujumlarga uchragan.

Rossiya rasmiylari Azov dengizidagi kemalarga hujumlar keskin ko‘paygani haqidagi ma’lumotlarga hozircha izoh bermagan. Biroq ayrim voqealar rasman tasdiqlangan. Xususan, Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar 8 va 9 iyul kunlari Taganrog qo‘ltig‘ida kamida to‘rtta tanker dronlar hujumiga uchraganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kemalar yengil shikastlangan.

Reuters ta’kidlashicha, Azov dengizi sohillarida joylashgan Rostov viloyati va Krasnodar o‘lkasi Rossiyaning asosiy g‘alla yetishtiruvchi hududlari hisoblanadi. Shuningdek, mamlakat g‘allaning katta qismini Azov–Qora dengiz havzasi orqali eksport qiladi. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi cheklovlar Rossiyaning eksport logistikasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Azov dengizidagi hujumlar haqidagi xabarlar va kema qatnovi to‘xtatilishi mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ortidan Euronext birjasida bug‘doy narxi bir kun ichida 4 foizdan ortiq oshdi. 10 iyul kuni qayd etilgan ko‘rsatkich so‘nggi olti haftadagi eng yuqori daraja bo‘ldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid