Jahon | 10:03
3148
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada BMW ruxsatsiz yig‘ilayotgani aytildi

Germaniyaning Bild nashri ma’lum qilishicha, Rossiyaning Kaliningrad shahridagi «Avtotor» zavodi BMW konsernining rasmiy ruxsatisiz mazkur brend avtomobillarini yig‘ishda davom etmoqda. Kompaniya bu mashinalarni sotib olmaslikka chaqirib, ular 2022 yildan buyon sifat nazoratidan o‘tmaganini ta’kidladi.

Foto: TASS

Nashrning yozishicha, BMW Rossiya bozorini tark etganiga qaramay, uning sobiq hamkori bo‘lgan «Avtotor» zavodi urush boshlanishidan oldin omborlarda qolgan original ehtiyot qismlardan yo‘ltanlamas avtomobillarni yig‘ishda davom etmoqda.

Garchi mazkur avtomobillar 2025 yoki 2026 yil modellari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, ularning tashqi ko‘rinishi asosan 2022 yilgi BMW modellariga mos keladi. Ayrim konstruktiv o‘zgarishlar mavjud bo‘lsa-da, mashinalar rasmiy ishlab chiqaruvchi tomonidan tasdiqlanmagan.

BMW vakili izohida Kaliningradda ruxsatsiz yig‘ish ishlari hozirgacha «muntazam bo‘lmagan tarzda» davom etayotganini bildirdi. Kompaniya xaridorlarni bunday avtomobillarni sotib olmaslikka chaqirib, 2022 yildan beri ular sifat nazoratidan o‘tmagani va ishlab chiqaruvchi kafolatiga ega emasligini qayd etdi.

Xabar qilinishicha, original ehtiyot qismlar zaxirasi kamayib borayotgani sababli zavod mahalliy ishlab chiqarilgan ayrim butlovchi qismlardan ham foydalanmoqda.

Shuningdek, mazkur avtomobillar BMWʼning rasmiy raqamli tizimlariga ulanmagan. Shu bois, ayrim elektron funksiyalar to‘liq ishlamasligi yoki o‘zgartirilgan dasturiy ta’minot orqali faoliyat ko‘rsatishi mumkin.

Bild ma’lumotlariga ko‘ra, «Avtotor» bunday avtomobillarni 12–14 million rubl (taxminan 150 ming yevro) atrofidagi narxda taklif qilmoqda. Taqqoslash uchun, Germaniyada yangi BMW X7 modeli rasmiy dilerlarda taxminan 105 ming yevrodan sotiladi.

Avtomobil sohasi eksperti Sergey Aslanyan ham avvalroq The Insider nashriga bergan intervyusida Kaliningradda BMW avtomobillarini yig‘ish qayta yo‘lga qo‘yilganini aytgan edi. Uning ma’lum qilishicha, 2025 yildan boshlab zavod avval BMW X5 va X6, keyinchalik esa BMW X7 modellarini yuqori jihozlangan versiyalarda yig‘ishni boshlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid