Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Rossiyadagi strategik obektlarga zarbalarni kengaytirmoqchi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlari tarkibida Rossiya hududidagi obektlarga uzoq masofadan ta’sir ko‘rsatish va zarba berishga ixtisoslashgan yangi maxsus qo‘mondonlik tashkil etilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tuzilma Rossiyaning harbiy salohiyatini pasaytirishga qaratilgan operatsiyalarni muvofiqlashtiradi.
Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida «Rossiyaga uzoq masofadan ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha maxsus qo‘mondonlik» tashkil etildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 10 iyul, juma kuni kechqurungi videomurojaatida ma’lum qildi.
Zelenskiyning bayonotidan anglashilishicha, yangi qo‘mondonlik Rossiya hududining Ukraina chegarasidan ancha uzoqda joylashgan obektlariga dronlar va boshqa uzoq masofali vositalar orqali zarba berish operatsiyalarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, mamlakat harbiylari Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi hujumlar amalga oshirilayotgan hududlardagi nishonlarga zarba berish uchun yanada keng imkoniyatlarga ega bo‘lishi kerak.
«Harbiylarimiz Rossiya bosqinchilarini aynan Ukrainaga qarshi urush olib borilayotgan joylarda — Rossiya hududida yo‘q qilish uchun ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lishi lozim», dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi qo‘mondonlik mavjud barcha resurslarni bir yo‘nalishga jamlab, Rossiyaning urush olib borish salohiyatini yanada sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilishi kerak.
Shu bilan birga, Zelenskiy yangi tuzilmaning tarkibi, vakolatlari, texnik imkoniyatlari yoki unga kim rahbarlik qilishi haqida batafsil ma’lumot bermadi. U faqat mazkur yo‘nalishga kuchli va katta tajribaga ega qo‘mondon tayinlanishini aytdi.
Zelenskiy Rossiyadagi yonilg‘i muammosiga ham to‘xtaldi
Ukraina rahbari o‘z videomurojaatida Rossiyadagi neftni qayta ishlash korxonalariga berilgan dron zarbalari mamlakatda benzin taqchilligini kuchaytirayotganini ham bildirdi.
Zelenskiyning iddao qilishicha, Rossiyadagi yonilg‘i bilan bog‘liq muammolar prezident Vladimir Putinning yaqin atrofidagi shaxslarning kayfiyatiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Uning fikricha, Putin Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni yakunlashni istamasa-da, Rossiya siyosiy doiralarida tinchlikka erishish zaruratini tushunayotganlar bor.
«Biz tinchlikni qanday yaqinlashtirish mumkinligi bo‘yicha takliflarimizni taqdim etdik. Bu takliflar nafaqat xalqaro hamkorlarimiz, balki Putin atrofidagi ayrim shaxslar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular vaziyatni va tinchlikka muqobil yo‘l yo‘qligini tushunmoqda», dedi Zelenskiy.
Ukraina prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya ichida bunday qarashlar kelgusida yanada kuchayishi mumkin.
Rossiya hukumati yonilg‘i taqchilligiga dron hujumlari sabab bo‘lganini tan oldi
Zelenskiyning murojaatidan bir necha soat avval Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak mamlakatdagi benzin taqchilligiga izoh berib, muammoning sabablaridan biri Ukraina dronlarining Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga davom etayotgan hujumlari ekanini tan oldi.
Uning aytishicha, dronlar zarbasi oqibatida ayrim korxonalar qisman ishdan chiqmoqda.
Novak Rossiya avtomobil yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi vaziyatni benzin taqchilligi sifatida baholagan bo‘lsa-da, mamlakatda neftni qayta ishlash uchun yetarli quvvatlar mavjudligini ta’kidladi.
U Rossiya ichki bozorni yonilg‘i bilan to‘liq ta’minlash imkoniyatiga ega ekanini va hatto neft mahsulotlarini eksport qilishda davom etayotganini bildirdi.
Shu bilan birga, xabarda qayd etilishicha, Rossiya neft mahsulotlarini xorijga yetkazib berishni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, iyun oyida qo‘shni davlatlardan benzin va dizel yonilg‘isi import qilishni boshlagan.
Avvalroq Kreml vakillari mamlakatdagi yonilg‘i muammolari Ukraina dronlarining neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalari bilan bog‘liq ekanini ochiq tan olishdan qochib kelgan edi.
Mavzuga oid
20:15 / 10.07.2026
Lvivda olomon harbiy komissariat avtomobilini ag‘darib tashladi
15:45 / 10.07.2026
Putin urushni davom ettirmoqchi
12:28 / 10.07.2026
Tramp Ukrainaga Patriot uchun raketalar litsenziyasini va’da qildi
10:10 / 10.07.2026