O‘zbekiston | 18:00
955
4 daqiqa o‘qiladi

Dorixonalarda referent narxlarga qanchalik amal qilinyapti?

O‘zbekistonda joriy yil 1 mart va 1 iyul sanalaridan boshlab qariyb 4,5 mingta dori vositasi uchun ruxsat etilgan maksimal chakana narxlar pasaytirildi. Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi bir nechta dorixonalarda bo‘lib, referent narxlarga amal qilish holatini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, tartibga rioya etayotgan dorixonalar bilan birga, bir qator holatlarda ruxsat etilganidan biroz yoki sezilarli yuqori narxlar ham uchrab turibdi.

Masalan, referent narxi 36 ming so‘m bo‘lgan “Baktoks 125 mg” dori vositasini bir dorixona 35 ming so‘mdan, ikkinchisi 45 ming so‘mdan sotayotganiga guvohi bo‘ldik. Ya’ni ikkinchi dorixona bu dorini ruxsat etilganidan qariyb 9 ming so‘mga qimmat sotyapti.

Xuddi shunday holatni “No-shpa” misolida ham ko‘rish mumkin. Bir dorixona uni referent narxga teng qiymatda (142 499 so‘m), ikkinchisi esa undan 7500 so‘mga qimmat sotmoqda.

Surishtiruv uchun tanlab olingan dorilar qisqa ro‘yxatidagi “Tivortin” biz kirgan uchala dorixonada ham referent narxdan sezilarli qimmat sotilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Referent narxlar pasayishi

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga ko‘ra, 2025 yil 5 dekabrda 2 mingga yaqin retsept asosida beriladigan dori vositalarining narxlari tushirilgan bo‘lib, bu tartib joriy yil 1 mart sanasidan amal qilishni boshlagan.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligining 3537-sonli nizomiga muvofiq, yana 2,5 mingta dori vositasining cheklangan narxlari arzonlashtirilgan va bu narxlar dorixonalar uchun 1 iyul sanasidan boshlab kuchga kirgan.

Umumiy hisobda 2026 yilda 4,5 mingga yaqin retsept asosida beriladigan dori vositalarining narxlari qayta ko‘rib chiqilib, pasaytirilgan va yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 6 mingtagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.

Agentlik bosh mutaxassisi Ulug‘bek G‘aniyevning aytishicha, hozirgi kunda PharmUz mobil ilovasi ishga tushirilgan bo‘lib, unda maxsus QR-kodni skanerlash funksiyasi mavjud. Dori vositalaridagi raqamli markirovka kodini ilova orqali skanerlaganda, mahsulotning ishlab chiqaruvchisi va xalqaro patentlanmagan nomi bilan bir qatorda, uning belgilangan cheklangan referent narxi ham aks etadi.

“Agar fuqarolar dorini belgilangan qiymatdan qimmatroq narxda sotib olishsa, ushbu mobil ilovadagi maxsus tugma orqali shikoyat qoldirishlari mumkin. Kelib tushgan murojaatlarni agentlik ko‘rib chiqib, Raqobat qo‘mitasi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga yuboradi va ushbu vakolatli organlar qonunbuzar dorixonalarga nisbatan tegishli choralarni ko‘radi.

Agar qaysidir dorixonada dori vositalarini referent narxidan qimmatga sotish holati aniqlansa, birinchi bosqichda ushbu maskan ogohlantiriladi va unga jarima qo‘llanadi. Agar bunday holat yana takrorlansa, dorixonaning litsenziyasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi”, dedi Farmagentlik mas’uli.

Севара Жабборова
Muallif Севара Жабборова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid