O‘zbekiston | 11:32
3857
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida issiq kuchayishi kutilmoqda

Kunduzgi harorat +41…+44 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari esa havo dim bo‘lib, +23…+33 daraja atrofida bo‘ladi. Ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Ish haftasi oxirigacha issiq asta-sekin kuchayib boradi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Dushanba kunduzi O‘zbekiston bo‘yicha issiq va asosan quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Farg‘ona vodiysida ayrim joylarda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Hududning katta qismida havo harorati +38…+41 daraja atrofida, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +42…+44 darajagacha bo‘ladi.

Hafta davomida kunduzgi havo harorati +41…+43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +42…+44 darajagacha ko‘tariladi. Kechalari havo dim bo‘lib, +23…+28 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +28…+33 daraja atrofida bo‘ladi.

Shamol sharqdan 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

13–14 iyul kunlari ayrim tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 13 iyulda Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona vodiysida tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida kam bulutli ob-havo kuzatiladi. Dushanba va seshanba kunduzgi havo harorati +38…+40 daraja, 15–17 iyulda +40…+43 daraja, kechalari esa +25…+28 daraja bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid