Texnologiya | 08:42
2509
3 daqiqa o‘qiladi

Nega Ozodlik haykali yashil rangga kirgan?

Nyu-Yorkning ramzi hisoblangan Ozodlik haykali ilk bor o‘rnatilganida hozirgidek yashil emas, balki mis tangadek qizg‘ish-jigarrang ko‘rinishga ega bo‘lgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, uning bugungi yashil tusga kirishi qariyb 25–30 yil davom etgan tabiiy kimyoviy jarayon natijasi bo‘lib, aynan shu qatlam haykalni yemirilishdan himoya qilmoqda.

Ozodlik haykalining tashqi qoplamasi yupqa mis varaqlardan tayyorlangan. Shu bois 1886 yilda haykal tantanali ochilgan paytda uning yuzasi yangi zarb qilingan mis tangadek iliq qizg‘ish-jigarrang rangda bo‘lgan.

Biroq vaqt o‘tishi bilan havo, namlik va dengiz tuzlari ta’sirida mis yuzasida kimyoviy reaksiyalar boshlangan. Avvaliga mis yuzasida qizg‘ish va to‘q rangli oksidlar hosil bo‘lgan. Keyinchalik ular suv, havodagi oltingugurt birikmalari va dengizdan keladigan xloridlar bilan reaksiyaga kirishib, misning yashil birikmalarini hosil qilgan.



Natijada haykal yuzasida patina deb ataluvchi yashil muhofaza qatlami shakllangan. Uning tarkibiga asosan brokantit, antlerit va atakamit kabi minerallar kiradi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, haykalning turli qismlari bir vaqtning o‘zida bir xil rangga kirmagan. Ayrim joylarda o‘zgarish tezroq, boshqa hududlarda esa sekinroq kechgan. 1906 yilga kelib haykalda yashil rang yaqqol ko‘rina boshlagan, ammo AQSh Milliy parklar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi ko‘rinishga to‘liq o‘tishi taxminan 25–30 yil davom etgan.

Patina nafaqat haykalning tashqi qiyofasini o‘zgartirgan, balki uning saqlanib qolishida ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Bu zich muhofaza qatlami misning keyingi zanglashi va yemirilishini sekinlashtiradi.

Bu jihati bilan mis temirdan farq qiladi. Temirda hosil bo‘ladigan zang metallning ichkari qismigacha yemirilishiga sabab bo‘lsa, misdagi patina mustahkam saqlanib, yuzadan ko‘chib tushmaydi va aksincha, ichki qatlamni tashqi muhit ta’siridan himoya qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, patinaning hosil bo‘lish tezligi havo namligi, harorat, atmosfera ifloslanishi va dengiz tuzlari miqdoriga bog‘liq. Shunga qaramay, jarayonning umumiy ketma-ketligi hamisha bir xil: yangi mis avval qizg‘ish tusdan to‘q rangga o‘tadi, keyin esa asta-sekin yashil muhofaza qatlami bilan qoplanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid