Texnologiya | 08:50
1301
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy energiya sohasida yangi jahon rekordini o‘rnatdi

Xitoyning China Three Gorges Corporation (CTG) kompaniyasi Gobi cho‘lida dunyodagi eng yirik gibrid quyosh energetika majmuasini tijoriy sinov rejimida ishga tushirdi. Majmuaning o‘ziga xos jihati shundaki, u litiy-ion akkumulyatorlarsiz ham quyosh botganidan keyin bir necha soat davomida elektr energiyasi ishlab chiqara oladi.

Foto: CTG

Yangi energetika majmuasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududining Hami tumanida barpo etilgan bo‘lib, umumiy quvvati 1000 megavattni tashkil etadi. U 900 megavattli fotoelektrik quyosh panellari va 100 megavattli konsentrlangan quyosh elektr stansiyasidan iborat.

Loyihaning asosiy innovatsiyasi energiyani akkumulyatorlarda emas, balki eritilgan tuz ko‘rinishida issiqlik sifatida saqlash texnologiyasidir. Quyosh nurlari ta’sirida 550 darajagacha qizdirilgan eritilgan tuz maxsus rezervuarlarda saqlanadi. Quyosh botgach, ushbu issiqlikdan bug‘ hosil qilinib, turbinalar orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish davom ettiriladi.

Bu tizim tufayli 100 megavattli konsentrlangan quyosh bloki quyosh botganidan keyin yana 8 soatgacha ishlay oladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, tungi ishlash imkoniyati butun 1000 megavattli majmuaga emas, aynan ushbu issiqlik blokiga tegishli.

Stansiya Tyan-Shan tog‘lari janubiy etaklaridagi 1817 gektar maydonni egallagan. Konsentrlangan quyosh qismida 260 mingta harakatlanuvchi oyna qo‘llanilgan bo‘lib, ular 800 ming kvadrat metr maydonda quyosh nurlarini bir nuqtaga jamlab, issiqlik energiyasini hosil qiladi.

CTG ma’lumotiga ko‘ra, loyihada takomillashtirilgan Frenel chiziqli aks ettirgichlari texnologiyasi qo‘llangan. Yangi konstruksiya issiqlik energiyasini elektrga aylantirish samaradorligini an’anaviy tizimlarga nisbatan taxminan 10 foizga oshiradi. Shuningdek, stansiya 46 ta mustaqil konturdan tashkil topgani bois, ayrim qismlarda ta’mirlash ishlari butun majmuani to‘xtatmasdan amalga oshirilishi mumkin.

Fotoelektrik va issiqlik bloklari yagona markazlashtirilgan boshqaruv tizimi orqali muvofiqlashtiriladi. Bu elektr tarmog‘idagi chastotani taxminan 0,02 gers aniqlik bilan ushlab turish va bir soniyadan kam vaqt ichida yuklamalarga javob qaytarish imkonini beradi.

Stansiya rasman 2026 yil 1 iyuldan tijoriy sinov rejimida ishlay boshlagan bo‘lsa-da, u ilk bor 2025 yil 18 sentabrda milliy elektr tarmog‘iga ulangan va shundan buyon deyarli uzluksiz ishlab kelmoqda. Shu vaqt ichida u hududiy tarmoqqa 6,54 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib bergan.

Loyiha to‘liq quvvatga chiqqanidan keyin har yili 2,07 million megavatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Bu hajm taxminan 830 mingta xonadonning yillik ehtiyojini qoplash uchun yetarli hisoblanadi. Shuningdek, atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid miqdori yiliga 1,63 million tonnaga qisqarishi kutilmoqda.

Quvvati jihatidan ushbu majmua avvalgi rekordchi — Dubaydagi Noor Energy 1 (950 megavatt) gibrid quyosh stansiyasini ortda qoldirdi.

Shu bilan birga, mutaxassislar konsentrlangan quyosh energetikasi hali ham an’anaviy quyosh panellari va litiy-ion akkumulyatorlari kombinatsiyasiga nisbatan qimmatroq ekanini ta’kidlamoqda. Shu bois kelajakda eritilgan tuz texnologiyasi iqtisodiy jihatdan arzonlashib borayotgan akkumulyator tizimlari bilan raqobatlasha oladimi yoki yo‘qmi, asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Shunga qaramay, Xitoy ushbu texnologiyaga katta sarmoya kiritishda davom etmoqda. CTG Hamida majmuaning ikkinchi bosqichini qurishni rejalashtirgan bo‘lib, uning natijasida umumiy quvvat 3000 megavattga yetkaziladi. Bundan tashqari, China Energy Engineering Corporation ham yaqin hududda quvvati 1500 megavatt bo‘lgan yana bir yirik gibrid quyosh energetika majmuasini barpo etmoqda. U ishga tushgach, amaldagi jahon rekordini ham yangilashi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid