Jahon | 08:44
3222
2 daqiqa o‘qiladi

Ilhom Aliyev: Urushni to‘xtatish vaqti keldi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainadagi urushni zudlik bilan to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, mojaro qancha tez yakunlansa, shuncha ko‘p inson hayoti saqlab qolinadi. Shu bilan birga, Aliyev Ukraina o‘z hududlarining okkupatsiya qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmasligi kerakligini aytdi.

Foto: AP

IV Shusha global media forumi ishtirokchilari bilan uchrashuvda so‘zga chiqqan Ilhom Aliyev ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonning savoliga javob berar ekan, Ukraina xalqiga o‘z maslahatini bildirdi.

«Urush zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Biroq Ukraina hech qachon okkupatsiyaga rozi bo‘lmasligi lozim. Mening fikrimcha, ular aynan shu pozitsiyada turibdi», — dedi Ozarboyjon rahbari.

Aliyevning ta’kidlashicha, har qanday mamlakat uchun hududiy yaxlitlik va suverenitet asosiy tamoyil hisoblanadi. Shu bois davlatlar o‘z xalqaro tan olingan chegaralarini himoya qilish huquqiga ega.

Prezident, shuningdek, urushning davom etishi yangi qurbonlar, vayronagarchilik va humanitar muammolarga sabab bo‘lishini qayd etib, mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish muhimligini urg‘uladi.

Ma’lumot uchun, IV Shusha global media forumi Ozarbayjonda xalqaro ommaviy axborot vositalari va ekspertlar ishtirokida o‘tkazilmoqda. Forum doirasida mintaqaviy xavfsizlik, geosiyosiy jarayonlar, raqamli axborot makoni va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid