Jamiyat | 12:12
3080
2 daqiqa o‘qiladi

44 darajali issiqda ish beruvchilarga yangi talablar qo‘yildi

Davlat mehnat inspeksiyasi mamlakatda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo munosabati bilan ish beruvchilarni xodimlar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator majburiy choralarni ko‘rishga chaqirdi. Jumladan, kunning eng issiq soatlarida tashqi va og‘ir jismoniy ishlarni cheklash yoki vaqtincha to‘xtatish tavsiya etildi.

Inspeksiya ma’lum qilishicha, havo harorati yuqori bo‘lgan kunlarda ish beruvchilar ish jarayonini mehnatni muhofaza qilish talablari asosida tashkil etishi shart.

Xususan, soat 11:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan eng issiq vaqtda tashqi ishlar hajmini qisqartirish yoki to‘liq to‘xtatish, shuningdek, og‘ir jismoniy mehnatni cheklash tavsiya etilgan.

Bundan tashqari, ish joylarida xodimlar uchun yetarli miqdorda toza va salqin ichimlik suvi mavjud bo‘lishi, salqin yoki soyali dam olish joylari tashkil etilishi hamda muntazam dam olish imkoniyati yaratilishi lozim.

Inspeksiya tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan xodimlarni ishga jalb qilmaslik, ishchilarni yengil, havo o‘tkazuvchi va issiqdan himoya qiluvchi maxsus kiyimlar bilan ta’minlash muhimligini ham eslatdi.

Shuningdek, barcha xodimlarga issiq urishi va suvsizlanish belgilari, ularning oldini olish usullari hamda birinchi yordam ko‘rsatish tartibi bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish tavsiya etildi.

Davlat mehnat inspeksiyasiga ko‘ra, agar xodimning sog‘lig‘i yomonlashsa, unga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi va zarur hollarda tibbiyot muassasasiga murojaat qilinishi shart.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid