Jahon | 20:05
1101
6 daqiqa o‘qiladi

NATO nega Xitoyni strategik raqib sifatida ko‘ra boshladi?

NATO uzoq yillar davomida asosiy e’tiborini Yevropa xavfsizligi va Rossiyaga qaratib keldi. Bugun esa alyans strategiyasida Xitoy tobora muhim o‘rin egallamoqda. Chunki NATOning asosiy davlati – AQSh uzoq istiqbolda Xitoyni o‘zining bosh geosiyosiy raqibi sifatida ko‘rmoqda.

Mavzu yuzasidan siyosiy tahlilchilar Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida fikr yuritdi.

— NATO agarda mudofaa tashkiloti bo‘lsa, Xitoy uning geografik hududidan minglab kilometr uzoqda. Unda nega Xitoy asosiy strategik tahdidlardan biri sifatida tilga olinyapti?

Anvar Yo‘ldoshev: NATO Xitoyga Rossiyaga ko‘rsatayotgan yordami nuqtayi nazaridan baho bermoqda. Chunki Xitoy Rossiyaga ikki maqsadli mahsulotlar – mikrochiplar, yarim o‘tkazgichlar va boshqa yuqori texnologik komponentlarni yetkazib bermoqda. Bundan tashqari, jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan turli iqtisodiy va texnologik hamkorlik mexanizmlari ham mavjud. Bularning barchasi Rossiyaning sanoat va harbiy salohiyatini saqlab qolish hamda mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Shu sababli NATO bugungi kunda Xitoyni muhim strategik tahdidlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Biroq bu faqat Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani bilan bog‘liq emas. Xitoyning iqtisodiy, texnologik va harbiy salohiyati izchil o‘sib bormoqda. NATO mamlakatlari va AQSh esa kelajakda Xitoy o‘zlari uchun eng yirik strategik raqobatchilardan biri bo‘lishini inobatga olmoqda. Menimcha, masalaning mohiyati aynan shunda.

Kamoliddin Rabbimov: NATOning tahdidlar haqidagi tasavvuri qanday evolyutsiya qilganiga qisqacha to‘xtalish kerak. NATO 1949 yilda tashkil etilgan va Sovuq urush davrida uning asosiy tahdid obekti sotsialistik lager, xususan, sovet ittifoqi edi. Sovuq urush tugab, SSSR parchalangach, qariyb yigirma yil davomida NATO yangi strategik tahdidni izlash bilan band bo‘ldi.

O‘sha davrda hatto NATO va Rossiya o‘rtasida hamkorlik kengashi faoliyat yuritgan, tomonlar Bryussel va Moskvada muntazam uchrashib, xavfsizlik masalalarida hamkorlik qilgan. E’tiborli jihati shundaki, o‘sha yillarda Xitoy NATO tahdidlari ro‘yxatida umuman tilga olinmagan.

2001 yil 11 sentabr voqealaridan so‘ng NATO asosiy tahdid sifatida diniy ekstremizm va u bilan bog‘liq xalqaro terrorizmni ko‘ra boshladi. Biroq vaqt o‘tishi bilan musulmon dunyosi G‘arb uchun tizimli strategik raqib emasligi ayon bo‘ldi. Aksincha, AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchilari Saudiya Arabistoni va boshqa arab monarxiyalari bo‘lib qoldi.

So‘nggi o‘n-o‘n besh yil davomida esa AQSh siyosiy elitasi XXI asrdagi asosiy strategik raqib Xitoy Xalq Respublikasi bo‘ladi, degan xulosaga keldi. Chunki Xitoy iqtisodiy, texnologik va harbiy jihatdan jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda u dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti va ikkinchi eng qudratli harbiy davlatidir.

Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha esa Xitoy iqtisodiyoti allaqachon dunyoda birinchi o‘ringa chiqqan. Aholisi 1 milliard 400 milliondan ortiq bo‘lgani sababli Xitoy dunyodagi eng yirik qurolli kuchlardan biriga ega. Dengiz flotida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda, harbiy kemalar soni bo‘yicha Xitoy AQShga yaqinlashdi, ayrim ko‘rsatkichlarda esa undan o‘zib ketdi. Biroq flotning umumiy tonnaji va global harbiy imkoniyatlari bo‘yicha AQSh hanuz ustunligini saqlab turibdi.

Yana bir muhim jihat shuki, Xitoyning harbiy modernizatsiyasi juda tez sur’atlarda davom etmoqda. Hozirgi kunda to‘liq yadroviy triadaga ega davlatlar uchta: AQSh, Rossiya va Xitoy. Bu esa Pekinning global strategik salohiyati keskin ortayotganini anglatadi. Shu bois AQSh uzoq muddatli istiqbolda Xitoy bilan geosiyosiy raqobat muqarrar, degan qarashni ilgari surmoqda. NATO ichida ham aynan AQSh ushbu strategik yondashuvni belgilovchi asosiy kuch hisoblanadi.

Biroq ittifoqning barcha a’zolari bu masalaga bir xil qarashda emas. Masalan, ayrim Yevropa davlatlari uchun Xitoy bevosita harbiy tahdid sifatida ko‘rilmaydi. Turkiya ham Pekin bilan munosabatlarda o‘ziga xos yondashuvga ega. Garchi uyg‘urlar masalasi Anqara uchun muhim omillardan biri bo‘lsa-da, amaliy siyosatda iqtisodiy va strategik manfaatlar ham inobatga olinadi.

AQSh esa NATOning e’tiborini tobora ko‘proq Hind-Tinch okeani mintaqasiga qaratishga intilmoqda. Bu jarayon ayniqsa Jo Bayden prezidentligi davrida yaqqol namoyon bo‘ldi. NATO sammitlariga Yaponiya va Janubiy Koreya rahbarlarining taklif etilishi ham shu strategiyaning bir qismi edi. O‘sha davrda asosiy e’tibor nafaqat Rossiyaga, balki uzoq muddatli strategik raqib sifatida Xitoyga ham qaratildi.

Donald Tramp hokimiyatga qaytgach, NATO kun tartibida ayrim ustuvorliklar vaqtincha o‘zgargandek taassurot uyg‘otdi. Biroq umumiy strategik yo‘nalish o‘zgarayotgani yo‘q, AQSh va G‘arb davlatlari Xitoyning ta’sirini cheklashni uzoq muddatli maqsad sifatida saqlab qolmoqda. Globallashgan dunyoda xavfsizlik, iqtisodiyot va geosiyosiy raqobat bir-biridan ajralmas tushunchalarga aylandi. Shu sababli NATO faoliyatining geografik doirasi kengayib borishi va Xitoy omilining ittifoq strategiyasida tobora muhim o‘rin egallashi ehtimoli yuqori.

Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid