Turizm | 11:03
892
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar uchun Kuvayt vizasi soddalashtirilishi mumkin

O‘zbekiston fuqarolari uchun Kuvaytga safar qilishda viza olish tartibini soddalashtirish masalasi ikki davlat rasmiylari o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Tomonlar bu borada manfaatdor idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Dunyo

«Dunyo» axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasi vakillari mazkur davlat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tahani an-Nosir bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida huquqiy sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jinoiy, fuqarolik va tijorat ishlari bo‘yicha o‘zaro sheriklik aloqalarini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, tomonlar havo qatnovi, «aqlli» shaharlar, sog‘liqni saqlash, savdo, madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda erishilgan kelishuvlarni amaliy bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolari uchun Kuvaytga safar qilish bilan bog‘liq viza tartibini soddalashtirish masalasi ham alohida ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishda viza talablarini takomillashtirish maqsadida manfaatdor idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

Suhbat yakunida tomonlar huquqiy sohadagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirishga qaratilgan taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid