Foydali | 09:29
2476
2 daqiqa o‘qiladi

Elektrni tejash uchun konditsionerni qanday ishlatish kerak?

Energetiklar yuqori elektr iste’moli kuzatilayotgan kunlarda aholidan konditsionerlardan oqilona foydalanishni so‘ramoqda. Mutaxassislar qurilmani 24–26°C haroratda ishlatish hamda filtrlarini muntazam tozalash elektr energiyasi sarfini kamaytirish va tarmoqlarga tushadigan yuklamani pasaytirishini ta’kidladi.

Foto: princetonfuel.com

Energetika sohasi mutasaddilariga ko‘ra, konditsionerni haddan tashqari past haroratda ishlatish elektr sarfini oshiradi va qurilmaning ortiqcha yuklama bilan ishlashiga olib keladi.

Shu bois konditsionerni 24–26°C haroratda ishlatish tavsiya etilmoqda. Bu nafaqat elektr energiyasini tejashga, balki xonada inson salomatligi uchun ham qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Mutaxassislar, shuningdek, konditsioner filtrlarini muntazam tozalab turish muhimligini eslatdi. Toza filtr qurilmaning samarali ishlashini ta’minlaydi, elektr sarfini kamaytiradi hamda elektr tarmoqlarining ortiqcha qizib ketishi xavfini pasaytiradi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda elektr energiyasi iste’moli rekord darajaga yetgan bir paytda elektrdan tejamkorlik bilan foydalanish energiya tizimi barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan aholidan issiq kunlarda elektr jihozlaridan oqilona foydalanish, konditsionerlarni tavsiya etilgan haroratda ishlatish va imkoni boricha elektr energiyasini tejash so‘ralmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid