Jamiyat | 09:23
683
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent atrofida yangi «yashil belbog‘»lar barpo etiladi

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda «Yashil belbog‘» loyihasining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Unga muvofiq, yangi yashil hududlar barpo etilib, iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.

Foto: Kun.uz

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish hamda yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganilgan.

Qayd etilishicha, prezidentning farmon va qarorlariga muvofiq, 2022–2026 yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. 2025–2026 yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda Bektemir tumanida 38 ming, Toshkent tumanida 20 ming, Yangihayot tumanida 2,1 ming va Qibray tumanida 100 ming tup daraxt ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yo‘li yoqasida ham 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.

2026–2027 yillarda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar hamda Chirchiq daryosining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektar maydonda yangi «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, prezidentning 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida botanika hamda dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni ajratiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosida esa poytaxtda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan to‘qqizta yangi jamoat bog‘ini barpo etish belgilangan.

Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Yashil belbog‘» loyihasi doirasida 2045 yilga qadar Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy o‘rmonzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 50 million tupdan kam bo‘lmagan iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli va changni yaxshi ushlab qoluvchi daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Mas’ullar ta’kidlashicha, «yashil belbog‘» loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Uning doirasida yashil hududlarning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini muntazam monitoring qilish, shuningdek, yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish choralari ham amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid