Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Immigrant trak haydovchilarni cheklab, amerikalik faxriylarga almashtiramiz – Tramp
Tramp Pensilvaniyaga safari chog‘ida uning administratsiyasi muhim cheklovlar ustida ishlayotganini ma’lum qildi. Prezidentga ko‘ra, bundan buyog‘iga immigrant trak haydovchilarining AQShga kirib kelishi va borlarining ham ishlashi cheklanadi. Ularning o‘rnini amerikalik faxriy harbiylar egallaydi.
Karlaylda bo‘lib o‘tgan Pensilvaniya mudofaa va innovatsiya sammitida nutq so‘zlagan Tramp uning ma’muriyati AQSh yo‘llaridan noqonuniy musofir yuk mashinasi haydovchilarini olib tashlash ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. Prezidentga ko‘ra, immigrant trak haydovchilari bugun narkotik moddalar ta’sirida yoki alkogol iste’mol qilgan holda asosiy yo‘llarni egallab olgan, yuk mashinalarini haydab yuribdi. Buning oqibatida esa ko‘plab amerikaliklar yo‘llarda jon bermoqda.
“Mening ma’muriyatim tarixiy choralarni ko‘radi, chunki ba’zi haydovchilar yo‘l belgilarini ham o‘qiy olmaydi. Ularning ko‘pchiligi giyohvand moddalar yoki alkogol ta’sirida yuradi. Biz ularni olib tashlaymiz, keyin esa faxriylar o‘qitilib, yuk tashish ishlariga o‘tkaziladi”, deydi AQSh prezidenti.
Oq uy hali bunday dastur qanday ishlashi haqida tafsilotlarni e’lon qilmadi. Jumladan, faxriylardan federal yoki shtat test talablariga javob berishlari talab qilinadimi yoki yo‘qligi ham ma’lum emas.
Trampning e’loni yuk mashinalari haydovchilari uchun qonuniy talablar oshayotgan bir onda berildi.
AQSh matbuotiga ko‘ra, taklif xizmat davomida og‘ir yuk mashinalari yoki shunga o‘xshash transport vositalarini boshqarish tajribasiga ega bo‘lgan amerikalik harbiy faxriylariga nisbatan qo‘llaniladi.
Chunki prezident o‘z nutqida og‘ir yuk mashinasini boshqargan har qanday faxriy avtomatik ravishda tijorat haydovchilik guvohnomasini olish huquqiga ega bo‘ladi, deb aytgan.
Amaldagi federal qoidalar allaqachon shtatlarga harbiy xizmatchilar va malakali harbiy haydash tajribasiga ega faxriylar uchun testlarning ayrim talablaridan voz kechish imkonini beradi. Tramp faxriylar uchun litsenziyalash jarayoniga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi, ammo aniq talablar va taklif mavjud federal dasturlardan qanday farq qilishi hali batafsil bayon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina AQShning Ohayo shtati Kolumbus shahrida o‘zbekistonlik haydovchi o‘z boshqaruvidagi yuk mashinasida YTH sodir etgandi. Avariya oqibatida 21 yoshli kollej o‘quvchisi Tobi Forsayt halok bo‘lgan. AQSh mediasi haydovchi dalillarni yashirishga uringanini yozdi. Shuningdek, OAVda immigrant haydovchilarni deb ko‘p sonli amerikaliklar jon berayotgani yoritildi.
Mavzuga oid
09:54
Nyu Yorkda o‘zbek tadbirkori o‘lim tahdidiga uchramoqda
08:36
Xitoy, Eron, saylovga xorijdan aralashuv iddaolari va «Amerikani qutqarish» qonuni: Tramp xalqiga murojaat yo‘lladi
20:25 / 16.07.2026
AQSh grin-karta talabgorlari uchun 100 ming dollarlik garov joriy etishi mumkin
12:03 / 16.07.2026