Jamiyat | 09:54
1864
5 daqiqa o‘qiladi

Nyu Yorkda o‘zbek tadbirkori o‘lim tahdidiga uchramoqda

Nyu Yorkda Kun.uz bilan gaplashgan tadbirkor Parviz Muhammadqulovga ko‘ra, AQSh kongressi a’zosi Den Goldman bilan uning qahvaxonasida sodir bo‘lgan voqea o‘lim tahdidiga ulandi. Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor qahva haqini olmasligini aytib, kongressmenga pulini qaytarib jo‘natgan. Sababi – yahudiy siyosatchining harakatlari Parviz va uning jamoasi, ayniqsa elektoratiga ma’qul emas. Biroq pulning qaytgani xabarini olgan Goldman tadbirkorni antisemitizmda ayblagan. Bugun Parvizga 100 dan ortiq ochiq xatlar kelib, uni o‘ldirishlari yozilgan.

Iyun oyining oxirida AQSh kongressi a’zosi, nyu yorklik siyosatchi Den Goldman qizi bilan o‘zbekistonlik tadbirkor Parviz Muhammadqulovga tegishli Poetica Coffee qahvaxonasiga keladi. Xaridni amalga oshirib, chiqib ketadi. Lekin qahvaxona ishchisi uning kelgani haqida Parvizga xabar berib, kongressmen qoldirgan choychaqani olmasligini aytadi. Tadbirkor qahva haqini ham qo‘shib jo‘natishlarini hamda qaytib qahvaxonaga kelmasligini ilova qilishlarini so‘raydi.

Shunda Goldman olgan qahva haqi hamda choychaqa o‘ziga qaytariladi. Xabarni ko‘rgan siyosatchi esa tadbirkorni antisemitizm, odam ajratishda ayblaydi. Nyu Yorkda Kun.uz bilan gaplashgan Muhammadqulovga ko‘ra, Goldman voqeani haddan ziyod bo‘rttirgan va o‘zining yaqinlashayotgan saylovi oldidan piariga aylantirgan. Rostdan ham qator AQSh ommaviy axborot vositalari voqea yuzasidan materiallar tayyorlagan, ularda siyosatchi chiqib qahvaxonani antisemitizmda ayblagan.

“Xizmat ko‘rsatilgan, aslida kim yoki qaysi dinda bo‘lishining umuman ahamiyati yo‘q. Biz o‘z kongressmenimizning ishlaridan norozimiz, chunki u aynan men yashaydigan 10-tumandan saylangan vakil. Biz unga pochtadan yozamiz, xat jo‘natamiz, murojaat qilamiz, aslo javob qaytarmaydi. Biz soliq to‘lovchilarmiz, Goldman bizning fikrimizni inobatga olmasdan, Isroilga yordam berishni ma’qullab, ovoz beradi. Bu bizning, qo‘shnilarimning, tumandoshlarimning pozitsiyasi emas-ku. Men ham unday insonlarga xizmat ko‘rsatishni istamayman”, - deydi o‘zbek tadbirkori.

Ma’lum bo‘lishicha, Goldman televizordagi chiqishlari bilan cheklanmagan. Qahvaxona oldida namoyishlar o‘tkazilgan. Bu uyushtirilgan namoyish edi fikrimcha, deydi Parviz.

“Biz 18 tacha odamni sanadik, ularning katta ehtimol bilan ishlari shu. Chunki e’tibor bersak, aynan shu odamlar boshqa joylarda ham namoyishlarda yurishibdi. Hattoki, kelgan politsiyachilar soni namoyishchilardan ko‘p edi. Men umuman namoyishlarga qarshi emasman, bu insonning birlamchi huquqlaridan, qilaverishsin. Lekin yoritgani kelgan media bir tomonlama yoritdi, ichkarida bizning tarafda bo‘lgan yahudiylarni ko‘rsatmadi”, deya qo‘shimcha qiladi Muhammadqulov.

Tadbirkorga ko‘ra, oradan vaqt o‘tgach, unga xatlar kela boshlagan. Bugungacha kamida 100 ga yaqin xatlar, pochta orqali xabarlar, anonim xabarlar olgan. Ularda musulmonlarga o‘lim, tadbirkorni o‘ldirish yoki mashinasini portlatish va boshqa tahdidlar yozilgan edi. Parviz ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa Instagramʼdagi sahifasini o‘chirishga qaror qiladi. Oilam va o‘g‘lim bilan rasmlarim bor edi, shuning uchun o‘chirishga majbur bo‘ldim, deydi u.

Tadbirkor allaqachon AQSh huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan, politsiya va kerakli departamentlar ish olib bormoqda. Hozirgacha bir kishi hibsga olingan. Har kuni politsiya nimalar qilayotgani haqida menga xabarlar yo‘llaydi, telefon qiladi, deydi Muhammadqulov.

Suhbat davomida o‘zbek tadbirkori AQShdagi bugungi hayot, hozirgi ma’muriyatning siyosati, O‘zbekiston haqida fikrlari bilan ham bo‘lishdi.

Ma’lumot uchun, tadbirkor Muhammadqulov bundan 20 yil avval, ya’ni 2006 yilda Green card orqali AQShga ko‘chib o‘tgan. Shu yil 20 yil muddatda esa faqat bir martagina vataniga borib-qaytgan. O‘zbekiston o‘zgardi, ko‘p yaxshi ishlar qilindi deyishadi, yaqinda borib o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman, deydi u.

Nyu York, AQShdan Kun.uz uchun maxus tayyorlandi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid