O‘zbekiston | 18:20
2438
5 daqiqa o‘qiladi

“Mirob suv bermayapti” – Farg‘onadagi Chimyon qishlog‘ida bog‘lar quriyapti

Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘i Quyi archa mahallasidagi adirlikda bog‘ barpo qilgan ayrim tadbirkorlar suv muammosiga duch kelishyapti. Suv yo‘q emas, bor: maxsus texnikalar yordamida tepalikka suv chiqarilgan, lekin ming mashaqqat bilan daraxt ko‘kartirgan odamlarga shartnomasi bor bo‘lsa-da, suv berilmayapti.

“Mirob Sh.I. o‘ziga qarashli odamlargagina suv beradi xolos. Bizdan esa pul talab qiladi. Suv uchun davlatga pul to‘layapmiz-ku. Mirob o‘z cho‘ntagini qappaytirish uchun bizdan yana pul olishga harakat qilyapti. Daraxtlarimiz qurib boryapti, dodimizni eshitadigan kimsa yo‘q”, deydi murojaatchilar.

Abdujalil Mamadiyev adirlikda 1,5 gektar yerni o‘zlashtirib, 500 tup o‘rik daraxti ko‘kartirgan, endi esa suvsizlikdan daraxtlari quriyotgan ekan:

“Farg‘ona tumani, Chimyon qishlog‘i Quyi archa mahallasidagi adirlikni o‘zlashtirib, 1,5 gektar yerda ming mashaqqat bilan o‘rik bog‘i yaratdim. 500 tup o‘rik daraxtini amallab ko‘kartirganman.

Endi esa suv muammo bo‘lyapti. Daraxtlarimiz qurib ketyapti. Eng qizig‘i, suv yo‘q emas, bor, adirga mirob etib tayinlangan Sh.I. xohlagan odamiga suv beradi, xohlamagan odamiga bermaydi. Shartnomamiz bor. Suv solig‘iniyam o‘z vaqtida to‘layapmiz. Mirob o‘z cho‘ntagi uchun biz bog‘bonlardan pul so‘raydi. Pul berganlargagina suv beryapti. Axir biz suv uchun davlatga o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshiryapmiz-ku.

Masala yuzasidan suv xo‘jaligiga, nasos stansiyalari markazlariga, ichki ishlarga murojaat bilan chiqdik, hokimiyatlarga bordik. Lekin muammo hal bo‘lmadi.

Masalan, men suv uchun 4 yilda 8 million 200 ming so‘m to‘lov qilganman. Davlatga pul to‘lasam bo‘ldi-ku, nima uchun yana mirobning cho‘ntagi uchun ham yana pul berishim kerak? Menga o‘xshab bog‘ yaratib daraxtlarini sug‘ora olmayotganlar talaygina. Mirobga chora ko‘rib bering, deb kirmagan tashkilot qolmadi. Bahordan to shu kungacha bog‘imni ikki marta sug‘ordim xolos. Daraxtlar qurib boryapti. Mehnatimga achinyapman.

Daraxtlar qurib qolmasligi uchun o‘zimiz 10 litr, 20 litr qilib chelaklab suv tashib quyib ham ko‘rdik. Shu holatni ko‘rib ham mirob pinagini buzgani yo‘q. Suv ber desak, u biz bilan janjal qiladi. Davlatga pul to‘laganingizdan keyin u navbati bilan suv berishi kerak-ku.

Mirob suv bersa, ko‘chat oralariga qora ekin qilish mumkin, lekin mana, hozir bekor yotibdi. Pomidor, loviya ekish mumkin, davlatga foydasi tegadigan tirikchilik qilib, ish qiladigan sharoit qilsa bo‘ladi. Faqat mirob suv bersa. Suv bermagani uchun oddiy daraxtimizni ham sug‘ora olmayapmiz.

Farg‘ona tumanida Chimyon qishlog‘i aholisining tirikchiligi o‘rikdan. Qiynalib bir yilda bir marta hosil olamiz-da. Suv beriladigan bo‘lsa, o‘rikdan ko‘proq hosil olish mumkin. Boshimizda shunday tashvish bo‘lganidan nima qilishni, yana kimlarga murojaat qilishimizni bilmayapmiz”, deydi Abdujalil Mamadiyev.

Abdujalil Mamadiyev

Tasvirga olish jarayonida adirda mirob Sh.I. ni uchratdik. U holat yuzasidan izoh berishni istamadi.

Sh.I , mirob

Mavjud muammo yuzasidan izoh olish uchun Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi suv yetkazib berish davlat muassasasi direktori Dilyor Yo‘ldoshev bilan telefon orqali suhbatlashdik.

U muammoni nazoratga olishini, daraxtlarni sug‘orish uchun davlat bilan shartnoma qilgan bog‘bonlarga suv, albatta, berilishini ta’kidladi.

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid