Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zangiotadagi propan shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash sababi ma’lum qilindi
Shoxobcha faqat avtomobillarga gaz to‘ldirish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgani holda, maishiy gazballonlarga ham propan quyish bilan shug‘ullangan va buning uchun qo‘lbola o‘tkazgichdan foydalanilgan. Aynan maishiy gazballonlarni to‘ldirish vaqtida shlang yorilib, ulangan joyidan chiqib ketgan. Bosim ostidagi shlangning qattiq jismga urilishi natijasida chaqnash sodir bo‘lib, gazballonlar birin-ketin portlay boshlagan. Jarohatlangan uch kishidan biri og‘ir, ikki nafari o‘rta og‘ir ahvolda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
16 iyul kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan avtomobillarga propan gaz to‘ldirish shoxobchasida portlash ro‘y bergandi. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi portlash tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyati Zangiota tumani Erkin MFY hududida, Katta o‘zbek trakti ko‘chasida joylashgan "Ohangaron gaz to‘ldirish shoxobchasi" MChJga qarashli avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasiga faqat avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish faoliyati uchun ruxsat berilgan bo‘lishiga qaramasdan, maishiy gaz ballonlariga ham gaz to‘ldirish ishlari amalga oshirilgan.
Hodisa vaqtida «Labo» rusumli avtotransport vositasida olib kelingan 6 dona maishiy gaz balloniga suyultirilgan gaz to‘ldirilayotgan bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 100 litrli maishiy gaz ballonlari qo‘lbola tayyorlangan o‘tkazgich (perexodnik) orqali gaz bilan to‘ldirilgan.
Uchinchi ballon to‘ldirilayotgan vaqtda shlang yorilib, ulangan joyidan ajralib chiqqan. Bosim ostidagi shlangning qattiq jismga urilishi natijasida chaqnash sodir bo‘lgan va bu gaz ballonlarining ketma-ket portlashiga sabab bo‘lgan.
Hodisa oqibatida 2 ta gaz balloni portlagan, 4 ta gaz balloni yongan hamda mexanik deformatsiyaga uchragan. 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish tan jarohatlarini olgan. Ikki nafar fuqaroning ahvoli — o‘rta og‘ir, bir nafarining ahvoli esa og‘ir deb baholangan. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Hodisa joyida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari A. Isoqjonov boshchiligida qo‘mita mutaxassislari hamda huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli idoralar vakillari ishtirokida dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Portlash va yong‘inning aniq kelib chiqish sabablarini belgilash maqsadida sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.