Jamiyat | 22:50 / 29.04.2016
8966
3 daqiqa o‘qiladi

"Makdonalds" dunyoning eng xavfli shaharlaridan birida o‘z restoranini ochdi

"Makdonalds" restoranlari tarmog‘i Pokistonning Kvetta shahrida o‘zining restoranini ochdi. Bu shaharning aholisi "Tolibon" terrorchilik guruhiga ro‘yxushlik qilishi bilan tanilgan. Bu haqda 29 aprelda NBC News telekanali xabar berdi

Tamaddixonadagi taomlarning barchasi halol taomlardir. Taomnomada makmafin – tuxum va kotletli buterbrod ham bor, biroq unda cho‘chqa go‘shti o‘rniga tovuq go‘shti ishlatilgan.

Telekanal muxbiri makarabiya gamburgeri (yopgan non va mol go‘shti kotletidan tayyorlangan sendvich), fri kartoshkasi va ichimlikdan tashkil topgan o‘rtacha to‘plam 5 dollardan kamroq turishini aniqladi.

"Men "Makdonalds" ochilganini bildim, biroq biz u yerda hech qachon ovqat yemaymiz. Biz hattoki u yerdagi taomni o‘zimizga yegulik deb ham hisoblamaymiz. Biz keskin, tog‘li hududda yashaymiz va dushman bilan kurashish uchun haqiqiy quvvatga ehtiyojmandmiz", deb aytdi "Tolibon" dala qo‘mondonlaridan biri Ehsonulloh Ehson. Uning aytishicha, guruh jangarilari qo‘y go‘shti va guruchni afzal ko‘rishadi.

Tolib bir marta "Makdonalds"da tamaddi qilganini, biroq bu "juda qimmat va bemaza" bo‘lgani qo‘shimcha qilib o‘tdi. Biroq u "tez tayyorlanuvchi taom shoshilinch paytda boshqa yaxshi yegulik bo‘lmaganda to‘g‘ri kelishini" tan oldi.

Kvetta Pokistonning Balujiston viloyati poytaxti hisoblanadi. Bu shaharda o‘tgan asrning 80-yillarida toliblarning ta'siri juda kuchli bo‘lgan. Shahar aholisi hali ham toliblarga ro‘yxushlik qiladi, deb hisoblanadi.

2015 yilda The Independent nashri Kvettani terrorchilik hujumi yuz berish ehtimoli yuqori bo‘lgan dunyoning 10 ta shahri qatoriga qo‘shgandi. Telekanalning ma'lum qilishicha, "Makdonalds" tamaddixonasi politsiya kuchaytirilgan nazorat olib boruvchi shaharning markaziy tumanida ochilgan.

Mavzuga oid