23:11 / 05.05.2016
31887

AQSh fuqarolari oxirgi 5 yil ichida 50 dan ko‘proq qirg‘iz bolasini farzandlikka oldi

AQSh fuqarolari oxirgi 5 yil ichida Qirg‘izistondan ota-onalar qarovisiz qolgan 54 bolani farzandlikka olgan, deb xabar berdi 5 may kuni Qirg‘iziston mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri Xudoybergen Bozorboyev.

"5 yil ichida AQSh fuqarolari Qirg‘izistonda boqib oluvchilar topilmagan 54 bolani farzandlikka oldi. Bola oilada yashab, tarbiyalanish huquqiga ega", deb aytdi vazir. Vazir davlat uchun qirg‘izistonliklar tomonidan farzandlikka olish ustuvor hisoblanishini ta'kidlab o‘tdi. Shu davr ichida qirg‘izistonliklar tomonidan 5,5 mingdan ko‘proq bola boqib olingan.  

Vazirlik AQSh elchixonasi bilan qirg‘iz bolalarining AQSh oilalarida yashash sharoitlarini monitoring qilib boradi. Mamlakat parlamenti deputatlari va vazirlik xodimlari videoaloqa yordamida boqib olingan bolalalar bilan suhbatlashishgan.

"Videoaloqada parlament deputatlari, tashqi ishlar vazirligi, bosh prokuratura, ombudsmen apparati vakillari hamda "Bolalar huquqlarini himoya qilish ligasi" jamoatchilik fondining direktori Nozgul Turdubekova, AQShdan esa 10 oila ishtirok etdi", deb ma'lum qilindi vazirlik matbuot xizmatida.

Xususan, videoaloqaga Qirg‘izistondan 4 nafar aka-singilni boqib olgan oila ham chiqdi. Ayni vaqtda bolalardan kattasi turmushga chiqqan va o‘z farzandini voyaga yetkazmoqda. Bolalarning yangi ota-onalari ular AQShga kelgandan keyin erishgan muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashdilar. Barcha AQSh oilalari farzand boqib olishgandan keyin qandaydir imtiyozlar yoki ijtimoiy nafaqalar olish uchun davlatga murojaat qilishmaganini ta'kidlab o‘tishdi. 

Xalqaro farzandlikka olish jarayoni Qirg‘izistonda 2013 yil oxirida bolalarni xorijliklarga farzandlikka berishdagi mojarolar hamda firibgarlik va korruptsion sxemalar fosh qilingani sababli to‘xtatilgandan keyin yana qayta yo‘lga qo‘yilgan. Bu mojarolar ortida Qirg‘izistonning sobiq ijtimoiy rivojlanish vaziri Ravshan Sobirov xalqaro farzandlikka olish sohasida faoliyat yuritgan xorijiy kompaniyadan 20 ming dollar pora so‘ragani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Top