Jahon | 21:09 / 11.05.2016
21064
3 daqiqa o‘qiladi

Deutsche Welle: Erdo‘g‘anga hammasini ochiqchasiga aytish vaqti keldi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an o‘zini tovlamachi va ig‘vogar sifatida ko‘rsatdi va Yevropaga uning tizginida yurishni to‘xtatish vaqti keldi, deb yozdi Deutsche Welle nashri sharhlovchisi Barbara Vezel.

"5 minuti kam diktatorga u haqda o‘ylayotgan barcha fikrlarimizni aytish vaqti keldi. Baland ovozda, aniq va jilolarsiz", deb aytdi sharhlovchi.

Uning fikricha, Erdo‘g‘anga "boshidan" Yevropa Ittifoqini shantaj qilishga imkon bergan Bryussel va Anqara o‘rtasidagi kelishuvni barbod bo‘lgan deb aytish mumkin.

Sharhlovchining aytishicha, Erdo‘g‘an qishdayoq qochqinlarga chegaralarni ochish bilan "surbetlarcha" Yevropaga tahdid qilgan. Uning aytishicha, o‘shandayoq uning miyasida nimalar yuz berayotgani aniq bo‘lgan.

"U qo‘llarida siyosiy bosim dastaklari bor deb ishonadi va bundan hech qanday andishasiz foydalanadi", deb yozmoqda Vezel va Erdo‘g‘an o‘zining asl maqsadlarini hattoki yashirishga ham urinmayotganini aytmoqda.

Jurnalist Erdo‘g‘an ehtimol yevropaliklar "o‘z qadriyatlarini qachongacha arzon narxda sotishga tayyor ekanliklarini" aniqlash maqsadida ularning sabrini sinashda davom etmoqda, deb ta'kidlamoqda.

Turkiya prezidenti kabi odamlar bilan siyosiy bitimlar tuzib bo‘lmaydi, deb aytmoqda Vezel. Uning fikricha, Germaniya kansleri Angela Merkel Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘luga ishongandi, biroq Erdo‘g‘an uni iste'foga ketishga majbur qilgandan keyin Merkel "kerakli odamga ishonch bildirmaganini" anglagan. 

Vezelning fikricha, Yevropa Erdo‘g‘an bilan munosabatlarda "stop-kranni tortishi kerak". Turkiya uchun hech qanday vizasiz tartib haqida umuman gap bo‘lishi mumkin emas, chunki Turkiya vizalarning bekor qilinishi uchun shartlarni aniq bajarmasligini isbotladi.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, Bryussel Anqara bilan qochqinlar borasida bitim tuzishdan voz kechishiga va migratsiya inqirozini hal qilishning o‘z yo‘llarini topishiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid