O‘zbekiston | 12:45 / 02.07.2016
41878
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi aniqlandi

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi va O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi tomonidan O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari chet tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida “Respublikadagi eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” tanlovi tashkil etildi.
Tanlovning asosiy maqsadi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishni yanada rivojlantirish, samarali mehnat qilayotgan malakali chet tili o‘qituvchilarini aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ishlarini munosib baholash va rag‘batlantirish, chet tillarini o‘qitish bo‘yicha ilg‘or tajribalarini ommalashtirishdan iborat.
Tanlov ikki bosqichda ingliz, nemis va franztsuz tillari bo‘yicha o‘tkazildi.
1-bosqich (saralash bosqichi) – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida chet tili o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazildi.
2-bosqich (respublika bosqichi) – 1-bosqichda 1-o‘rinni egallagan chet tili o‘qituvchilari o‘rtasida 2016 yil 30 iyun - 1 iyul kunlari ikki turda o‘tkazildi.
Tanlov ishtirokchilari horijiy va milliy ekspertlardan tashkil topgan hakamlar hay'ati tomonidan baholanib, 9 nafar o‘qituvchilar g‘olib deb topildi.
G‘oliblar tantanali ravishda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi va O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasining diplomi, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktorining o‘rinbosari Xudayberdiyev Zayniddin Yavqochovich ishtirok etdi.
 

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 10 dekabrdagi PQ-1875-son qarori asosida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimida amalga oshirilayotgan ishlardan biri hisoblanadi.
Tanlov ishtirokchilarini tabriklash uchun Toshkent madaniyat kollejining bir guruh yoshlari o‘zlarining musiqiy chiqishlarini namoyish etdilar.
Tanlov natijalariga ko‘ra nemis tilidan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti qoshidagi Nuriston akademik litsey o‘qituvchisi Atamurodova Dilfuza, ingliz tilidan Termiz davlat universiteti qoshidagi 2-son akademik litsey o‘qituvchisi Kattaboyeva Muborak va fransuz tilidan Toshkent shahridagi xalqaro Vestminster universiteti huzuridagi akademik litsey o‘qituvchisi Xolmurodov Shavkatlar g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rinni egalladilar.

Mavzuga oid