Jamiyat | 19:11 / 09.08.2016
10360
5 daqiqa o‘qiladi

Andijonda mahalla komissiyalari raislari o‘z bilimlarini oshirmoqda

Ayni paytda, aholiga eng yaqin bo‘lgan an'anaviy demokratik boshqaruv tizimi sifatida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquq va vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirilib, jamiyat boshqaruvi tizimidagi o‘rni va roli kuchayib bormoqda. Ilgari mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatida bo‘lgan 30 dan ziyod vazifalar bugun fuqarolar yig‘inlari tomonidan muvaffaqiyatli ado etib kelinmoqda.

Joriy yilning may-iyun oylarida mamlakatimizda o‘tgan muhim jarayon - fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi Andijon viloyatida ham demokratik tamoyillar asosida tenglik va oshkoralik ruhida, yuqori saviyada o‘tdi. Saylov jarayonlarida fuqarolar yig‘inlariga 968 nafar rais va 10192 nafar rais maslahatchilari saylandi. Yangi saylangan raislarning 61,8 foizi, maslahatchilarning 42,2 foizi ushbu vazifaga birinchi marta saylandi. Saylangan raislarning 45 nafari, maslahatchilarning 227 nafari xalq deputatlari shahar, tumanlar Kengashlari deputatlaridir.

Ta'kidlash joizki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra saylovda saylangan fuqarolar yig‘inlari raislarining maslahatchilari mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta jamoatchilik komissiyalarining 6 tasiga rahbarlikni amalga oshiradi. Chunonchi, saylov natijalari bo‘yicha bugungi kunda respublikamizning barcha fuqarolar yig‘inlarida shakllantirilgan Ma'rifat va ma'naviyat, Xotin-qizlar bilan ishlash, Voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport, Tadbirkorlik faoliyati va oilaviy biznesni rivojlantirish, Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, Jamoatchilik nazorati va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiyalarga rahbar sifatida rais maslahatchilari saylanganlar.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Kengashining 2016 yil 9 iyuldagi yig‘ilishi qaroriga asosan iyul – avgust oylarida fuqarolar yig‘inlaridagi yuqorida qayd etilgan 6 ta jamoatchilik komissiyalari raislarining bilim va malakalarini oshirish maqsadida barcha tuman va shaharlarda «Fuqarolar yig‘inlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalari ishini samarali tashkil etish va amalga oshirish tartib-tamoyillari» mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon hududiy bo‘linmasi, «Mahalla» jamoat fondi, Respublika Ma'naviyat targ‘iboti markazi viloyat bo‘limlari, viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Kamolot» YoIH viloyat bo‘limi, viloyat Adliya, Xalq ta'limi boshqarmalari hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda o‘tkazilayotgan ushbu o‘quv seminarlarida viloyatimiz bo‘yicha fuqarolar yig‘inlari huzuridagi 5200 nafarga yaqin komissiyalar raislarining qatnashishi rejalashtirilgan.

Tadbirlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda interaktiv muloqotlar tarzida o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

“Mahallamizda o‘tkazilgan saylovda mahalladoshlarim meni ham rais maslahatchisi etib saylashgan edi,-deydi Baliqchi tumanidagi “Qiyali” MFY voyaga yetmaganlar, yoshlar va sport masalalari komissiyasi raisi Ahrorbek Rahmonov.- O‘quv-seminarlar davomida komissiya ishlarini tashkil etish bo‘yicha ko‘plab uslubiy maslahatlar oldim. Yaqinda umumta'lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilgan futbol musobaqalarida mahallamiz yoshlari alohida jamoa bo‘lib qatnashdik va g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Olgan bilimlarim mahallamiz yoshlari orsida shu kabi ishlarni mukammal tashkil etishda juda qo‘l keladi”.

Bundan tashqari, komissiyalar ishini samarali tashkil etish maqsadida ish rejalarni ishlab chiqish tartib-taomillari hamda ularning ijrosi bo‘yicha har chorakda fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi)ga hisobot taqdim etish zarurligining mohiyati va ahamiyatiga e'tibor qaratilmoqda.

Qizg‘in savol-javoblar asosida o‘tkazilayotgan o‘quv seminarlarida komissiyalar raislari o‘zlarining sohaga oid qiziqtirgan ko‘plab savollariga atroflicha javob olmoqdalar.

Fuqarolar yig‘inlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha komissiyalari ishini samarali tashkil etish va amalga oshirish tartib-tamoyillariga bag‘ishlangan seminarlar joylarda davom etmoqda.

Usmonjon Ahmedov,

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon hududiy bo‘linmasi rahbari.

Suratlar muallifi: Elmurod Ermatov

Mavzuga oid