O‘zbekiston | 19:28 / 09.08.2016
13839
3 daqiqa o‘qiladi

Dato Norayni binti Abd Hamid: “O‘zbekiston 25 yilda g‘oyat ulkan, tarixiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi"

Dato Norayni binti Abd Hamid / Arxiv surat / "Jahon" AA

O‘zA muxbiri Malayziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Dato Norayni binti Abd Hamid bilan mustaqillik yillarida O‘zbekiston erishgan yutuqlar, o‘zaro hamkorlik samaralari haqida suhbatlashdi. 

–  O‘zbekiston 25 yil davomida g‘oyat ulkan, tarixiy muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi, agrar respublikadan sanoati izchil rivojlanayotgan, aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan barcha mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan zamonaviy davlatga aylandi, – dedi Dato Norayni binti Abd Hamid. – Faoliyatim davomida mamlakatingizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lmoqdaman. 

Farg‘ona vodiysini boshqa viloyatlar bilan bog‘lovchi Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunneli ochilgani, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi yo‘nalishlari kengaytirilayotgani shular jumlasidandir.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi o‘ttizdan ziyod mamlakatga, xususan, Malayziyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirmoqda

– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida nimalar deya olasiz?

– Mamlakatlarimizning o‘zaro manfaatli hamkorligi savdo, iqtisodiyot, ta'lim, sayyohlik va madaniyat kabi sohalarda izchil taraqqiy etmoqda.

Savdo sohasida O‘zbekiston mamlakatimizning eng yirik sheriklaridan hisoblanadi. O‘tgan yili Malayziyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasida O‘zbekistonning ulushi 64,7 foizni tashkil qildi. 

Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. 

O‘zbekiston sayyohlik sohasida ham ulkan salohiyatga ega. Xalqingiz juda samimiy va mehmondo‘st. O‘zbekistonning tarixiy va zamonaviy shaharlari, muqaddas qadamjolarini ziyorat qilish istagida bu yerga ko‘plab malayziyaliklar tashrif buyurmoqda. Malayziya ham O‘zbekistondan ko‘plab sayyohlarni qabul qilmoqda. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini mamlakatingiz davlat mustaqilligining 25 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonga ravnaq, xalqingizga baxt-saodat, mustahkam sog‘lik, farovonlik va ulkan zafarlar tilayman.

Nodira Manzurova, O‘zA    

Mavzuga oid