Jamiyat | 14:36 / 14.08.2016
14045
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyat Davlat soliq boshqarmasi xodimlari “Vodiyning faol yoshlari” o‘quv-oromgohida qiziqarli tadbir o‘tkazdi

Andijonning so‘lim va bahavo go‘shasida joylashgan – «Energetik» oromgohida  Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlarining faol yoshlari uchun an'anaviy “Yosh liderlar maktabi” o‘quv-oromgohi tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi tomonidan uyushtirilgan 10 kun davom etuvchi loyihada  yurtimiz kelajagi bo‘lgan iqtidorli yoshlar ta'lim olish barobarida, mazmunli dam olishlari ko‘zda tutilgan. O‘ninchi marotaba tashkil etilayotgan loyihada bu yil 150 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etmoqda.

Tadbir tashkilotchilari o‘z oldilariga faol yoshlarimizda - yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish, rahbarlik salohiyatini shakllantirish va ijtimoiy faollar safini kengaytirish kabi ezgu maqsadlarni qo‘yganlar. Bu borada turli dolzarb mavzulardagi qiziqarli seminar-treninglar, turli soha vakillari bilan uchrashuvlar va madaniy-ma'rifiy kechalar uyushtirilmoqda.

Andijon viloyat Davlat soliq boshqarmasining yetakchi mutaxassislari maskanda “Soliq qonunchiligi haqida nimalarni bilasiz?” mavzusida seminar-trening o‘tkazdi. Noan'anaviy tarzda o‘tgan tadbir davomida qiziqarli viktorina va ko‘rik-tanlovlar tashkil etilganini alohida e'tirof etish joiz. O‘quv-oromgohi yoshlari uch guruhga bo‘lingan holda soliqlar haqidagi bilimlarini oshirish hamda soliq madaniyatini shakllantirish borasida bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z malakalarini sinovdan o‘tkazishdi. Ular soliq tizimi haqidagi bilimlarini savol-javob shaklidagi viktorinalar, o‘zlari chizgan suratlar va sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etdilar.

- Soliq siyosatining mazmun-mohiyati, maqsadi, amal qilish shakli va vositalari har bir kishini, xususan, yoshlarni qiziqtirar ekan, - deydi Andijon viloyat Davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati bosh mutaxassisi Shohruhbek Egamnazarov. - Soliq savodxonligi va qonunchiligi bo‘yicha  fuqarolarda yoshlikdan ko‘nikma hosil qilib borish soliq targ‘ibotining eng maqbul usuldir. Viloyat davlat soliq boshqarmasi yil davomida mana shunday tadbirlarni turli o‘quv muassasalarida muntazam o‘tkazib borishni rejalashtirgan.

- Bugungi o‘tkazilgan tadbir mobaynida o‘zimiz uchun juda zarur bo‘lgan bilimlarga ega bo‘ldik, - deydi namanganlik talaba Sanobar Musayeva. - Har bir soliq to‘lovchining qachon qancha soliq to‘lashi va uning nimaga sarflanishi, ishlab chiqarishni rivojlantirib davlatimiz byudjyetiga ma'lum ulushni qo‘shish  haqidagi ma'lumotlar esa biz yoshlarni o‘z oldimizga jiddiy maqsadlarni qo‘yishga chorlaydi.

Tadbir so‘ngida nominatsiyalar bo‘yicha aniqlangan jamoalarga viloyat Davlat soliq boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.


 

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid