Milliy matbuot markazida “O‘zeltexsanoat” AJ faoliyatiga oid brifing bo‘lib o‘tdi
2016 yil 18 avgust kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Mustaqillik yillarida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar va muammolar to‘g‘risida” brifing o‘tkazildi. Tadbirda “O‘zeltexsanoat” AK tarkibiga kiruvchi korxonalar rahbarlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonda mustaqillik yillarida elektrotexnika sanoatining vujudga kelishi va shakllanishi bosqichlari, tarmoqning bugungi kundagi holati va respublikada elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning istiqbollari haqida axborot berildi.
Ta'kidlandiki, istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan iqtisodiyotimizda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida sanoatning alohida tarmog‘i sifatida elektrotexnika sanoati vujudga keldi. Bugungi kunda mazkur tarmoq respublikada jadal rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi “2014-2018 yillarda respublikada elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori tarmoqning rivojlanishida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Qarorga muvofiq “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi.
1994 yilda tarmoq korxonalari ishlab chiqarish hajmi 800 million so‘mni tashkil etgan va respublikadagi jami sanoat ishlab chiqarishidagi ularning ulushi atigi 0,3 foiz bo‘lgan. O‘sha yili jami 6 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
2005 yilga kelib tarmoqda mahsulot ishlab chiqarish hajmi 80 mlrd. so‘mga yetdi. Ayni vaqtda kompaniya tizimida 50 ga yaqin korxonalar turli yo‘nalishlarda faoliyat yuritadi, bular - kabel, elektrotexnika, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi korxonalardir.
2015 yilda 1 trillion 300 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishga erishildi. 2015 yilda tarmoq korxonalari tomonidan 1,0 trln. so‘mdan oshiq ishlab chiqarilgan mahsulot respublikaning turli tarmoqlariga, jumladan, energetika, neft va gaz, tog‘-kon sanoatlariga, ijtimoiy soha obektlarga yetkazib berildi.
2016 yilning I-yarim yilligi davomida "O‘zeltexsanoat" AK tizimida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 630,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan 116,6 foiz o‘sishiga erishildi. Kompaniya korxonalari tomonidan 218,5 mlrd. so‘mlik xalq iste'moli tovarlari ishlab chiqarildi. Jumladan, elektr changyutgichlar ishlab chiqarish 2,7 barobar o‘sdi, 50,8 ming dona kir yuvish mashinalari ishlab chiqarilgani holda 158,9 foizga o‘sishga erishildi. Jami ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 21,9 foizi eksportga yo‘naltirildi.
Bugungi kunda kompaniya tarkibidagi 27 ta korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlar Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va boshqa xorijiy mamlakatlarga eksport qilinmoqda. 2015 yil yakuni bo‘yicha 167,7 mln. dollar qiymatidagi mahsulotlar tashqi bozorlarga sotildi va 2010 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 172 foiz o‘sishga erishildi.
Brifingda 2005-2015 yillarda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish natijasida mahsulotlarning ishlab chiqarishdagi ulushi sezilarli o‘zgarib borayotgani qayd etildi. Xususan, maishiy texnika mahsulotlarining ulushi 2005 yilda 3,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2015 yilga kelib 28,9 foizni tashkil qildi. Oxirgi 5 yilda oldin import qilingan 25 dan ortiq maishiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2010 yilda 22,3 mlrd. so‘mlik maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2015 yilga kelib bu ko‘rsatkich 334,8 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Natijada 2015 yilda ishlab chiqarilgan maishiy texnikalar mahsulot turiga qarab respublika ichki iste'mol bozorining o‘rtacha 40-45 foiz qoplashiga erishildi. Oxirgi yillarda yangi maishiy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 ga yaqin korxonalar tashkil etildi.
Bugungi kunda "O‘zeltexsanoat" AK tizimida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida 40 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Kompaniya tomonidan 2016-2019 yillar davomida xududlarni iqtisodiy rivojlantirish va qishloqqa sanoatni olib kirishni jadallashtirishga qaratilgan qiymati 295 million dollar bo‘lgan 95 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur loyihalarni tatbiq etish natijasida 5 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihalarning tatbiq etilishi ichki iste'mol bozorini mahalliy mahsulotlar bilan ta'minlanish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi va hozirda import qilib kelinayotgan mahsulotlar hajmini keskin qisqarishiga olib keladi.
2016 yilda konditsionerlar ishlab chiqarishni 37,2 foizga (o‘sish 8,6%), gaz va elektr plitalarni 56 foizga (o‘sish 6,7%), televizorlarni 60,1 foizga (o‘sish 6,5%), xolodilniklarni 32,5 foizga (o‘sish 4,6%), kir yuvish mashinalarni 65 foizga (o‘sish 3,1%) yetkazish rejalashtirilmoqda.
Hozirda tarmoqni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2030 yilgacha sohada 1.0 mlrd. dollarga yaqin sarmoya o‘zlashtirilib, 22 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtiriladi va barcha korxonalarni modernizatsiyalash hisobiga ishlab chiqarish hajmi 5,1 barobarga ortishi prognoz qilinmoqda.
Tadbirda tarmoqda tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish, sanoat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirish, yangi tashqi bozorlarni aniqlash, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, zamonaviy elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasidagi sa'y-harakatlarni izchil davom ettirish lozimligi, bu borada hali foydalanilmayotgan zaxiralar va imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.
“O‘zeltexsanoat” AK
Axborot xizmati
Mavzuga oid
13:54 / 05.09.2024
«O‘zeltexsanoat» uyushmasining faoliyati tubdan o‘zgartiriladi
17:14 / 24.08.2024
Eltech-Lab energosamaradorlik sinovlarini o‘tkaza olmadi. Tovarlar yarim yil bojxonada qolib ketgan
18:05 / 20.02.2024
Maishiy texnika importida yangi talab. Energosamaradorlik testlari ko‘p vaqt va xarajat talab qilyapti
19:09 / 02.05.2023