Jamiyat | 21:57 / 22.08.2016
16585
2 daqiqa o‘qiladi

Pingvinga Norvegiya gvardiyasi generali unvoni berildi (Video)

Foto: © AFP

Edinburg hayvonot bog‘idagi qirol pingvin Norvegiya Qirollik gvardiyasining brigada generali bo‘ldi. Edinburgda bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda pingvinga shunday yuksak maqom topshirildi. Bu haqida VVS ma'lum qildi. 

Pingvinga Nils Ulaf deya nom berilgan. Edinburg qirollik paradining ishtirokchilari pingvinga hurmat bajo keltirishdi, parad boshqaruvchisi Devid Elfrey esa uni lavozimi ko‘tarilishi munosabati bilan tabrikladi. 

Bu Norvegiya Qirollik gvardiyasida xizmat qiluvchi va u yerda unvonga ega bo‘luvchi uchinchi pingvindir. Unvonga qadar Nils Ulaf gvardiyaning faxriy polkovnigi va ramzi bo‘lgan. Bundan tashqari, 2008 yilda u ritsarlikka qabul qilingan.

Manbaga ko‘ra, pingvin harbiy xizmatchilarni taniy oladi va ularni ko‘rganida doim quvonadi, e'tibor markazida bo‘lganda esa huzurlanadi. Jurnalistlarning ta'kidlashicha, nazorat paytida Nils safdagi gvardiyachilarni diqqat bilan tekshiradi. 

Norvegiya Edinburg hayvonot bog‘iga birinchi qirollik pingvini 1913 yilda sovg‘a qilingan. 1972 yildan Edinburg hayvonot bog‘ining pingvinlari Norvegiya Qirollik gvardiyasining ramziga aylanadi. Gvardiya har safar hayvonot bog‘iga kelganida pingvinlarga harbiy unvonlar beriladi. 

Gvardiya ramzi bo‘lgan pingvin an'anaga ko‘ra, Nils Ulaf deb nomlanadi. Ushbu an'anani boshlab bergan Nils Egeliyen sharafiga pingvinlarga shunday ism beriladi.  Ulaf esa, Norvegiya qiroli - Ulaf V nomidan olingan.  

Birinchi Nils Ulaf 1987 yilda gvardiya serjanti sifatida hayotdan ko‘z yumgan. Keyin ikkinchi Nils Ulaf tayinlangan, undan so‘ng uchinchisi...Har bir pingvin avvalgisi qaysi unvonda jon bergan bo‘lsa, o‘sha unvonda xizmatni boshlagan. Aynan shu sabab hozirgi Nils Ulaf brigada generali darajasigacha ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lgan. 

Mavzuga oid