Jahon | 18:51 / 22.08.2016
7742
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya terrorizm bilan kurashishda ShHT bilan aloqani kuchaytirmoqchi

Foto: © AFP

Turkiya iyul oyida mamlakatda ro‘y bergan harbiy to‘ntaruv harakatidan keyin Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) bilan aloqani mustahkamlash niyatida. Bu haqida ShHT matbuot xizmatidan xabar qilishdi.

Ma'lumki, 16 iyulga o‘tar kechasi Turkiyada bir guruh isyonchilar harbiy to‘ntaruv harakatini amalga oshirmoqchi bo‘lishdi. Asosiy voqealar Anqara va Istanbulda bo‘lib o‘tdi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, buning natijasida 246 nafar turk fuqarosi (isyonchilarni hisobga olmaganda) halok bo‘lgan, 2 mingdan ortiq kishi turli jarohatlar olgan. Isyon o‘z vaqtida to‘xtatilgan. Turkiya hukumati bu voqeada Fathulloh Gulenni aybdor, deb topishdi va AQShdan uni ekstraditsiya qilishni talab qilishdi. Gulenning o‘zi esa isyonni qoraladi va unga aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi. 

"Turkiyadagi harbiy to‘ntaruv harakati bilan bog‘liq 15-16 iyul voqealari turk tomonning tashabbusi ostida Mintaqaviy aksilterror tuzilma (MAAT) ijroiya qo‘mitasi direktor o‘rinbosari Chjou Tsin va Turkiyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbar o‘rinbosari Erjan O‘zten o‘rtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi", - deya ma'lum qildi MATT vakili. Jumladan, turk diplomati harbiy to‘ntaruv harakatidan keyingi holat va yangi sharoitlarda turk rahbariyatining faoliyati qanday kechayotganligi haqida ma'lumot bergan. 

O‘ztenning so‘zlariga ko‘ra, "vaziyat tashqaridan davlat to‘ntaruv harakati sifatida ko‘rinsa-da, Turkiya hukumati uni rasman terrorchilik harakati sifatida ko‘rib chiqmoqda, zero hujum uyushtirganlarning asosiy maqsadlari tinch aholi, prezident saroyi, parlament binosi, turli davlat muassasalari, telekompaniyalar va boshqa strategik obektlar bo‘lgan". 

"Turk diplomati terrorchilikka qarshi kurashda barcha mamlakatlar va xalqaro mintaqaviy tashkilotlar, shu jumladan ShHT MATT bilan hamkorlikni kuchaytirish tarafdori bo‘lgan Anqaraning pozitsiyasini tasdiqladi. "

ShHT tarkibiga O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston mamlakatlari kiradi. Belorussiya, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Pokiston va Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega. MATT shtab-kvartirasi Toshkentda joylashgan. 

 

Mavzuga oid