Sport | 16:01 / 23.08.2016
27554
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti Rio Olimpiadasidagi muvaffaqiyatsizlik uchun sport qo‘mitasi rahbariga jiddiy hayfsan berdi

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Sport qo‘mitasi rahbari Kakabay Seydovni jiddiy ravishda ogohlantirdi va unga hayfsan berdi. Respublika nashri hisoblanmish "Neytralnyy Turkmenistan" gazetasi saytida ma'lum qilinishicha, bunga turkmanistonlik sportchilarning Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadada muvaffaqiyatsiz ishtirok etgani sabab bo‘lgan.

"Zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilganiga qaramay vatan sporti obro‘sini, yurt bayrog‘ini baland ko‘tarishga ishonchni oqlay olishmaganidan norozimiz", — deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi nashr.

U Ashxoboddagi yirik sport majmuasi – Olimpiya shaharchasini qurilishini alohida tilga olib, bu turkman sportining obro‘sini oshirishga qaratilgan yuksak e'tiborning isboti ekanini ta'kidladi.

Sport qo‘mitasi rahbari Kakabay Seydov qisqa muddat ichida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘g‘rilamaydigan bo‘lsa, lavozimidan bo‘shatilishi to‘g‘risida jiddiy ogohlantirish olgan.

Ma'lumot uchun, Turkmaniston Olimpiada o‘yinlarida 1996 yildan buyon ishtirok etadi, lekin turkmanistonlik sportchilar shu kunga qadar biror marta ham Olimpiadadan medal bilan qaytishmagandi.

Rio Olimpiadasida sportning beshta turi bo‘yicha 9 nafar sportchisini yuborgan Turkmaniston bu safar ham medalsiz qoldi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid