O‘zbekiston | 19:15 / 24.08.2016
15276
2 daqiqa o‘qiladi

Sobiq TTZ zavodi qoshida qo‘shma korxona tashkil etiladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 5-avgustida qabul qilgan qaroriga muvofiq, «Toshkent qishloh xo‘jaligi texnikasi zavodi» (sobiq TTZ) Germaniyaning CLAAS konserni bilan qo‘shma korxona tashkil etiluvchi 15ta zavoddan iborat ro‘yxatga kiritilgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston tomoni va CLAAS kompaniyasi yirik qishloq xo‘jaligi mashinasozligi zavodiga 50 mln dollar atrofida sarmoya kiritishni rejalashtirgan, deb xabar qilmoqda Nuz.uz sayti rasmiy manbalariga tayangan holda. 

Rejaga muvofiq, korxona quvvatlarini modernizatsiya qilish bir necha bosqichda amalga oshiriladi va 2019-yilda yakunlanadi. 

Uning 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichida lokalizatsiyani chuqurlashtirish va nemis kompaniyasi texnikalari uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish hajmini kengaytirish ishlari amalga oshiriladi. 

Ikkinchi bosqich 2018-2019 yillarda amalga oshirilib, quyish sexini texnologik jihatdan qayta jihozlash, detallarni issiq holda shtamplash, uzatmalar qutisi ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish hamda dvigatellarni yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi.

Zavodning 219 dona eskirgan uskunalarini 4,6 mlrd so‘mga ochiq savdolarda sotish rejalashtirilgan. Mabodo, ular 2 oy mobaynida sotilmasa, utilizatsiya qilinadi. 


 

Mavzuga oid

E`lonlar