O‘zbekiston | 22:20 / 02.09.2016
35278
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to‘g‘risidagi tibbiy xulosa e'lon qilindi

Islom Abdug‘aniyevich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to‘g‘risida tibbiy xulosa matnini taqdim etdi. Xulosa O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri A. Alimov, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, professor Sh. Karimov, tibbiyot fanlari doktorlari V. Avakov, B. G‘afurov, G‘. Qoriyev, R. Qurbonov, K. Mahkamov hamda tibbiyot fanlari doktori, shaxsiy shifokor P. Chernish tomonidan imzolangan.

Bemor I. A. Karimov, 78 yoshda, 27 avgust kuni ertalab soat 09:00 da hushsiz holatda zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelindi.

O‘tkazilgan tekshiruvlar, jumladan, bosh miya kompyuter tomografiyasi bemorda bosh miya qon aylanishi o‘tkir buzilishi subaraxnoidal qon quyilish asorati bilan (insult) aniqlandi. Arterial qon bosimi 250/120 mm. simob ustuniga teng. Bemorda yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatildi. 20 daqiqa davomida olib borilgan reanimatsion muolajalar natijasida yurak faoliyatini tiklashga erishildi. Bemor miya o‘zagi faoliyati buzilishi oqibatida atonik koma holatiga tushdi va sun'iy nafas olish apparatiga o‘tkazildi.

27 avgustdan 28 avgustga o‘tar kechasi bemor yetakchi xorijiy klinikalarining neyroxirurglari, kardiolog va reanimatologlari — A. N. Bakulev nomidagi Yurak-tomir xirurgiyasi ilmiy markazi direktori, akademik L. Bokeriya, N. N. Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy markazi direktori, akademik A. A. Potapov (Rossiya), Gannover xalqaro neyroxirurgiya institutining vitse-prezidenti va ijrochi direktori, professor Amir Sami (Germaniya), Kardiotorakal markaz direktori, professor Jilli Dreyfus (Monako), Xeydelberg universiteti klinikasining kardiologiya bo‘limi rahbari, professor Xyugo Katus (Germaniya), Xelsinki universiteti Markaziy gospitalining neyroxirurgiya bo‘limi professori Yuka Xernisniyemi (Finlyandiya) tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

O‘zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan konsilium natijasida keyingi davolash rejasi belgilab olindi.

Bemorning nevrologik holati avval boshdan atonik koma sifatida qayd etildi. Nevrologik statusda diffuz mushak atoniyasi, arefleksiya kuzatildi. Bemorga uch marotaba dinamik elektroentsefalografik tekshiruv o‘tkazilib, unda bosh miyaning bioelektrik faolligining susayishi aniqlandi.

O‘tkazilgan intensiv terapiya jarayonida bemorning ichki a'zolari (qon tomir, nafas olish, qon ivish tizimlari, buyrak va jigar) faoliyatining asta-sekin buzilishi — poliorgan yetishmovchiligi kuzatildi.

Yuqorida qayd etilgan to‘liq hajmdagi diagnostika-davolash muolajalari va intensiv terapiya chora-tadbirlari o‘tkazilganiga qaramasdan 2016 yil 2 sentabr kuni soat 20:15 da yurak faoliyati to‘xtadi.

Amalga oshirilgan intensiv reanimatsiya tadbirlari natija bermadi va bemorda soat 20:55 da biologik o‘lim holati qayd etildi.

Mavzuga oid