Jamiyat | 17:06 / 06.09.2016
11451
3 daqiqa o‘qiladi

Bektemir Meliqo‘ziyev: Prezidentimiz Islom Karimovning otalarcha mehri va g‘amxo‘rligini hech qachon unutmaymiz

Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning vafoti munosabati bilan dalvtalar rahbarlari, hukumatlar vakillari, jamoat arboblari o‘z hamdardliklarini bildirishmoqda. Shular qatorida 2016 yilgi Rio olimpadasida ishtirok etib, yuqori pog‘onalarni egallagan sportchilarimiz ham Prezidentimizdan minnatdor bo‘lib, ularning xotirasi oldida ta'zim qilishmoqda. Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni, jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlari sovrindori Bektemir Meliqo‘ziyev O‘zA muxbiriga intervyu berdi. 

– Prezidentimizning biz, yoshlarga ko‘rsatgan ulkan e'tibor va g‘amxo‘rligi, bildirgan yuksak ishonchini hech qachon unutmaymiz. Biz bu  ishonchni doim oqlashga, yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda o‘z salohiyatimizni namoyon etib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga intilaveramiz.

Meni va tengqurlarimni Prezidentimiz asos solgan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tarbiyaladi, iste'dodimizni yuzaga chiqardi. Sportdagi faoliyatimizda yuksak natijalarga erishishimizda muhim omil bo‘lib xizmat qildi.

Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq «Shuhrat» medali bilan taqdirlandim. 2015 yili Konstitutsiya bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz meni bag‘riga bosib, «Sen Braziliyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lishing kerak!» deya yuksak ishonch bildirgan edi.

Braziliyada o‘tgan Olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsam-da, Prezidentimiz bu yutug‘imni yuksak baholadi. Men Prezidentimizning 2016 yil 24 avgustdagi farmoniga binoan «O‘zbekiston iftixori» faxriy unvoni bilan taqdirlandim. 

Prezidentimiz Islom Karimovning otalarcha mehri va g‘amxo‘rligini hech qachon unutmaymiz.

Mavzuga oid