Jamiyat | 20:38 / 15.09.2016
75868
3 daqiqa o‘qiladi

Fazliddin G‘oibnazarov: Biz o‘zimizdan ketib qolganimiz yo‘q

Rio-2016 Olimpiadasi chempioni, bokschi Fazliddin G‘oibnazarov feysbukdagi sahifasida o‘zining xulqi borasida bildirilayotgan shubha va gumonlarga yana bir bor munosabat bildirib o‘tdi. U o‘zi ham, boshqa jamoadoshlari ham "haddidan oshib ketmagani"ni ta'kidlab, turli mish-mishlarga chek qo‘yishni so‘ragan.

"Assalomu alaykum, azizlar. Barchangizga qo‘llab-quvvatlab, ko‘rsatgan e'tiboringiz uchun katta rahmat. Kuni-kecha muxlislar bilan tushgan suratimizni o‘z bilganicha talqin qilgan insonlarga qarata aytmoqchiman. Allohga behisob shukrki, ikki shirindan-shakar farzandim va sevib uylangan ayolim bor. Ular men uchun juda aziz. Siz bunday gaplar aytishdan oldin, o‘zganing shaxsiy hayotining shu jihatlarini mulohaza qilib ko‘rishingizni iltimos qilardim. Allohga shukr, davlatimiz, xalqimiz qo‘llab-quvatlab turgani uchun chempion bo‘ldik.

Biz o‘zimizdan ketib qolganimiz yo‘qki, suratga tushishni so‘ragan kishilarga rad javobi bermadik. Suratga tushishni istagan insonlarning barchasiga, akamiz, ukamiz, opamiz va singlimiz kabi qaraymiz. Albatta, siz qilayotgan gumonlar, sizning boshingizga kelayotgan xayollar hayotdan yiroq", degan chempion.

U o‘z oilasi bilan tushgan suratlarini taqdim qilgan va hukumat e'tiborida, sevganlari bag‘rida baxtiyor hayot kechirayotganini ta'kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda boks bo‘yicha Rio—2016 Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarovning begona qiz bilan tushgan surati tarqaldi.

Keyinroq, o‘zbek blogerlaridan biri Sanjar Rustamov bunga jamoatchilikning e'tiborini qaratib, "O‘zingni bos, chempion" sarlavhasida post yozdi. Shundan so‘ng, bu kun mavzusiga aylandi.

Qolaversa, birinchi postga qarshi fikrlar bildirib, qirg‘izistonlik bloger Shermuhammad Abdug‘ofurov "Riochilar va Sanjar Said haqida" nomi bilan, Kama Noir taxallusida yozuvchi yana bir o‘zbek blogeri esa "Chempion ham odam" nomli post yozdi.

Bu postlar jamoatchilikni ikki tomonga ajratdi va bahslar hamon davom etmoqda.

Mavzuga oid