Sport | 07:20 / 15.09.2016
20609
3 daqiqa o‘qiladi

XV yozgi Paralimpiya o‘yinlari. O‘zbekiston delegatsiyasi medallari soni 30taga yetdi

14 sentabr kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tayotgan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarining 7 kuni O‘zbekiston vakillari o‘zlarining 30chi medallarini qo‘lga kiritishdi.

Shu kuni musobaqalarda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilardan Svechnikov Aleksandr yengil atletikaning nayza otish sport turida ishtirok etib, 65 metr 69 sm masofa natijasi bilan Paralimpiya o‘yinlarining oltin medalini oldi. U shu bilan birgalikda Paralimpiya rekordini yangiladi.

Yengil atletikaning ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish musobaqasida ishtirok etgan Sofiya Burxanova 15 m 5 sm masofani qayd etib, musobaqaning kumush medalini, 50 metrga erkin suzish bo‘yicha Odilova Muslima kumush, shu masofaga suzish bo‘yicha Toshpo‘latova Shohsanamxon bronza, erkaklar o‘rtasida 50 metrga erkin suzish bo‘ymcha Tursunxo‘jayev Muzaffar bronza, yengil atletikaning yadro uloqtirish musobaqasida Husniddin Norbekov bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

Natijada, O‘zbekiston delegatsiyasi 7ta oltin, 5ta kumush va 17ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 12-o‘rinni egallab turibdi. 

Medallar bo‘yicha jadvalni Xitoy boshqarmoqda — 75ta oltin, 58ta kumush va 39ta bronza. Jami — 172ta medal. Keyingi o‘rinlarni Buyuk Britaniya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari band etgan.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Paralimpiya terma jamoasi XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida 5 sport turida 32 sportchi bilan ishtirok etmoqda.

XV yozgi Paralimpiya o‘yinlarida eng ko‘p sportchilar bilan ishtirok etayotgan davlatlar: Xitoy (17ta sport turi, 327 nafar sportchi), Braziliya (22ta sport turi, 310 nafar sportchi), AQSh (20ta sport turi, 288 nafar sportchi), Buyuk Britaniya (20ta sport turi, 260 nafar sportchi), Avstraliya (16ta sport turi, 175 nafar sportchi), Ukraina (15ta sport turi, 171 nafar sportchi), Argentina (15ta sport turi, 162 nafar sportchi), Kanada (19ta sport turi, 159 nafar sportchi), Germaniya (17 sport turi, 158 nafar sportchi), Yaponiya (17 sport 144 nafar sportchi), Eron (12 sport turi, 112 nafar sporchi), Italiya (14 sport turi, 103 sportchi).

Mavzuga oid