Jamiyat | 17:02 / 21.09.2016
13208
3 daqiqa o‘qiladi

Chaqmoq zarbi ayolning aurani ko‘rish xususiyatini yo‘q qildi

Irlandiyalik psixologlar sinesteziya — muayyan obrazlar yoki tovushlarni idrok qilishdagi aks ta'sir uzoq vaqt davomida saqlanishi hamda miya faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini aniqlashdi. Ular bemorlardan birining ahvolini kuzatib, ana shunday qarorga kelishdi. Olimlarning tadqiqot ishi bioRxiv.org'da chop etildi. 

Psixologlar yosh ayolda sinesteziyaning kamyob holatini o‘rganishdi. U nota va akkordlar tovushi ostida yarimshaffof va rangli dog‘larni ko‘ra oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayol "ichki ko‘rish qobiliyati" orqali kishilarning yuzlari atrofidagi auralarni ko‘radi. Ularning rangi inson shaxsiyatiga bog‘liq, shuningdek bu ranglar hissiyotlar ta'sirida o‘zgarishi mumkin. Olimlar sinesteziyaning mazkur shakli uchraydigan atigi sakkiz holatni bilishadi.

Psixologlar migren va virusli meningitga qarshi dorilarni qabul qilganidan so‘ng ayolning xususiyatlaridagi o‘zgarishlarni kuzatishga muvaffaq bo‘lishdi. Birinchi holatda dorilar sinesteziyaning vaqtinchalik yo‘qolishiga, boshqasida esa - notalarni rangli idrok qilishning o‘zgarishiga olib keldi. Bemorning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘zgarish "noto‘g‘ri" ranglarning paydo bo‘lishiga bog‘liq bo‘lgan. 2014 yilda ayol chaqmoq zarbidan jabrlangan, bu uning ranglarni "qabul qilish xususiyati"ga ta'sir qilgan. 

Bundan tashqari, bemor ayol miya shikastlanishidan keyin vahimali hujumlarga "duch kelgan", bunga g‘alati va mavjud bo‘lmagan ranglarni "ko‘rishi" sabab bo‘lgan. U davolanish muolajalari davomida nevrozlarni davolashga mo‘ljallangan preparatlarni qabul qilgan. Buning natijasida sinesteziya yo‘q bo‘lgan, biroq biroz vaqt o‘tgach avvalgi sezgilar yana paydo bo‘lgan. 

Mutaxassislarning fikricha, bunday holatlarni o‘rganish sinesteziya fenomeni asosidagi neyrologik mexanizmlarni fosh qilishga yordam beradi. 
 

Mavzuga oid