Jahon | 17:31 / 25.09.2016
5715
1 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: Klinton saylovoldi debatlari arafasida Trampni 2 foizga ortda qoldirmoqda

AQSh prezidentligiga Demokratlar partiyasidan nomzod Hillari Klinton saylovoldi debatlari boshlanishi arafasida raqibi Donald Trampni atigi 2 foizga ortda qoldirmoqda. Bu ko‘rsatkich 24 sentabr kuni Washington Post gazetasi va AVS telekanali tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra keltirilgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, 46 foiz so‘raluvchi Klintonni, 44 foiz so‘raluvchi esa Trampni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

So‘rov 19-22 sentabr kunlari davomida o‘tkazilib, unda 843 kishi ishtirok etgan. So‘rovnoma natijalaridagi xatolik ehtimoli darajasi 4 foizga yaqinni tashkil qilishi aytilgan.

16-22 sentabr kunlari mobaynida Reuters buyurmasiga ko‘ra Ipsos kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 41 foiz kishi Klintonni, 37 foiz kishi esa Donald Trampni qo‘llashi ma'lum bo‘lgandi.

AQSh prezidentligi uchun saylovlar 8 noyabr kuni o‘tkaziladi. Ilk televizion debat esa 26 sentabrga belgilangan.

Mavzuga oid