Jahon | 16:48 / 28.09.2016
4806
2 daqiqa o‘qiladi

OAV Tokio metrosiga gaz hujumi uyushtirilgani ehtimoli haqida xabar bermoqda

Tokio temir yo‘l stansiyasiga, taxminlarga ko‘ra, gaz hujumi uyushtirilgan va buning oqibatida bir necha odam jarohatlangan. Bu haqda “Sinxua” agentligi xabar bermoqda.

Voqea Takanadobaba temir yo‘l stansiyasida yuz bergan. Yo‘lovchilar bo‘yoq uchun ishlatiladigan aralashmaning hidini eslatuvchi hidni payqashgan, dimog‘larida paydo bo‘lgan og‘riq va yo‘taldan shikoyat qilishgan.

“Kiodo” agentligining xabar berishicha, hidni 20 kishi payqagan, ulardan to‘qqiz nafari favqulodda qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan.

NHK telekanali ma'lumotiga ko‘ra, stansiyada hidning nima ekanligini aniqlovchi mutaxassislar ishlamoqda. Hodisa poyezdlar harakatiga ta'sir o‘tkazmagan.

Ma'lumot uchun, 1995 yilda "Aum Senrike" faollari Tokio metrosiga gazli hujum qilishgan edi. O‘shanda 12 kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi esa jabrlangandi. 2004 yilda sekta rahbari Seko Asaxaraga nisbatan o‘lim jazosi hukmi o‘qildi, ayni damda u qamoqda.

Mavzuga oid