Jahon | 15:19 / 30.09.2016
5414
2 daqiqa o‘qiladi

Mask Marsga parvoz qilmasligini o‘lishni xohlamasligi bilan izohladi

Ilon Mask 27 sentabr kuni Meksikaning Gvadalaxara shahrida bo‘lib o‘tgan 67-Xalqaro astronavtika kongressida Marsni mustamlaka qilish va egallash xususidagi SpaceX dasturini e'lon qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizil sayyoraga uyushtiriladigan sayohat narxi 200 ming dollar atrofida bo‘ladi. 

Biroq, Mask “o‘zi ham Marsga uchishi mumkinmi?”, degan savolga bu yaxshi fikr emasligini aytgan:

«Menimcha, uchmasam kerak. Chunki, u yoqda o‘lib ketish ehtimoli juda katta». SpaceX rahbarining ta'kidlashicha, aslida o‘limdan qo‘rqinchliroq narsa shuki, sarmoyadorlar Marsga parvozni targ‘ib qilish o‘rniga kompaniya daromadini ko‘paytirish ustida bosh qotirishlaridir. Bundan tashqari, Mask farzandlari qanday o‘sayotganini ko‘rishni xohlashini bildirgan. 

Uning tan olishicha, qizil sayyoraga birinchi safar xavfli bo‘lishi, mustamlakachilarning halok bo‘lishi ehtimoli juda yuqori. Maskka ko‘ra, Marsga bormoqchi bo‘lgan odam, dastlab: «O‘lishga tayyormanmi?» degan savolga oydinlik kiritib olishi kerak. 

Ilk borganlar yuqori radiatsiya, quyoshdagi portlashlar, tortish kuchinining pastligi, achchiq sovuq va zaharli tuproqning salbiy ta'siriga duch keladi. Ammo, shunga qaramay, Marsga sayohat ajoyib sarguzasht bo‘lishi aniq, deydi Ilon Mask. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid