Iqtisodiyot | 17:59 / 30.09.2016
20301
3 daqiqa o‘qiladi

MDHdagi eng yirik banklar reytingidan O‘zbekistonning 11ta banki joy oldi

«Rossiya segodnya» axborot agentligining «RIA Reyting» reyting agentligi MDH davlatlari bank sektori borasida tadqiqot o‘tkazib, MDHning eng yirik 200ta banki reytingini («RIA Reyting. Banki SNG-200») tuzib chiqdi. Bu MDH banklari bo‘yicha oltinchi marta e'lon qilingan yillik reyting bo‘ldi. MDHdagi 1000ga yaqin banklar orasidan eng yirik 200ta bank qatoridan O‘zbekistonning 11ta banki ham joy olgan.

Bu reyting ochiq ma'lumotlar - banklarning moliyaviy hisobotlari, statistik byulletenlar va boshqa e'lonlar asosida tuzilgan.

200talikning jami aktivlari hajmi 2016 yilning 1 yanvari holatiga ko‘ra 1,19 milliard dollarni tashkil qilgan, bu esa o‘tgan yilgidan 19 foizga (278 milliard dollar) kam hisoblanadi.

O‘tgan yilgi reytingda 43-o‘rinda qayd etilgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bu yilgi reytingda 30-o‘rindan joy oldi.

O‘zbekistonning qolgan banklari quyidagi o‘rinlarda joylashdi: O‘zsanoatqurilish bank 58-o‘rin, «Asaka» banki 65-o‘rin, Ipoteka bank 93-o‘rin, Qishloq qurilish bank 95-o‘rin, Xalq banki 112-o‘rin, Agrobank 117-o‘rin, Hamkorbank 124-o‘rin, KDB bank O‘zbekiston 138-o‘rin, Ipak yo‘li banki 176-o‘rin va Kapitalbank 179-o‘rin.

Reytingga jami bo‘lib 11ta mamlakat: Ozarboyjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Ukraina banklari kiritildi.

Reytingda Rossiyaning «Sberbank»i birinchi o‘rinda qayd etildi. Bu bankning 2015 yil yakunlari bo‘yicha jami daromadi 3,58 milliard dollar bo‘lgan (reytingdagi barcha banklarning umumiy daromadidan 33 foizlik ulush). Umuman olganda, ro‘yxatdagi 1-o‘rindan 12-o‘ringacha bo‘lgan pog‘onalarning barchasini Rossiya banklari egallagan. 

Mavzuga oid