Sport | 21:01 / 02.10.2016
8547
2 daqiqa o‘qiladi

Xosep Gvardiola: Men hech qachon yutqazmaymiz demaganman

«Manchester Siti» jamoasi bosh murabbiyi Hosep Gvardiola Angliya chempionatining 7-turida «Tottenhem»dan uchralgan mag‘lubiyat (0:2) borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Tottenhem» bizdan yaxshiroq o‘ynadi. Biz xato harakatlarni amalga oshirdik. Raqibni tabriklayman. Birinchi golni Glazgodagi («Seltik»dan – tahr.) kabi o‘tkazib yubordik va bu qimmatga tushdi. O‘yinning oxirgi 15-20 daqiqasida biz yaxshiroq ko‘rindik. Biz jiddiy pressingga duch kelishimizni bilardik va bunga tayyor edik. Lekin ular o‘z ishlarini juda yaxshi bajarishdi. Bu o‘ta og‘ir o‘yin edi, keyingi 3 yilda «Tottenhem» yaxshi o‘ynamoqda. Biz barcha epizodlarda ortda qolaverdik. Ular to‘p uchun kurashlarda o‘ta faol bo‘lishdi, Angliya futbolida esa bu juda muhim.

Mag‘lubiyat – futbolning bir qismi, ishimizda mag‘lubiyatlar bo‘lishi tabiiy. Men hech qachon yutqazmaymiz demaganman. Men bunday bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman. Bu oddiy jarayon. Ba'zida mag‘lubiyat o‘yinning yanada yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

Men o‘zim haqimda gapirish uchun kelmaganman, men ishlash uchun kelganman. O‘z jamoamni oktabr oyidayoq tuzib bo‘lishimni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Men hali ligada yangiman va oldimizda uzun yo‘l turibdi. Hozircha biz yaxshi o‘ynamoqdamiz, yana va yana ishlashimiz kerak.

Mavsum oxirida sovrinlar yutishim mumkin, lekin bu barchasi a'lo bo‘ldi, degani bo‘lmaydi», – degan Gvardiola.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid