O‘zbekiston | 21:17 / 05.10.2016
27386
2 daqiqa o‘qiladi

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlar javobgarlikdan ozod bo‘ladi

Foto: mirror.co.uk

2017 yilning 1 yanvaridan boshlab moliya va xo‘jalik ishlari sohasida ilk bor qonun buzgan tadbirkorlar jinoiy va ma'muriy javobgarlikdan ozod qilinadi. Undan tashqari O‘zbekistonda yangi va samarali valyuta, bank va soliq boshqaruv tizimlari ishlab chiqariladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonda keltirilgan.

Ushbu hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z ixtiyorlari bilan qilgan xatolarini to‘g‘rilab, yetkazilgan zararni belgilangan muddatda qoplagan taqdirda ma'muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishidan ozod etiladi.

Shuningdek, 2017 yildan boshlab tadbirkorlarga nisbatan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llanilmasligi ham ushbu qarorda aytib o‘tilgan.

«Ko‘rsatib o‘tilgan normalar tadbirkorlik sub'yektlarini ikki marta jazolashni istisno etibgina qolmay, balki birinchi marta huquqbuzarlikni sodir etgan va o‘z aybini yuvgan fuqarolarga o‘zining tadbirkorlik faoliyatini salbiy oqibatlarsiz davom ettirish imkonini beradi, bu chora ularning ishbilarmonlik faolligini rag‘batlantirishga ham yo‘naltirilgan», — deyiladi hujjatda.

Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksiga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, Soliq kodeksiga va bir qancha boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Oliy Majlisning ikki palatasiga tadbirkorlar huquqlarini himoya qiladigan muassasa tashkil qilish vazifasi topshirilgan.

Barcha vazirliklarga valyuta boshqaruvining eng zamonaviy  mexanizmlarini, samarali bank tizimi va soliq boshqaruvini ishlab chiqishi belgilangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid