Jamiyat | 18:03 / 05.10.2016
7645
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda O‘zbekiston Prezidentiligi uchun saylov kampaniyasi muhokama qilinmoqda

Qirg‘izistonning Svoboda.kg axborot-tahliliy sayti O‘zbekiston Respublikasida bo‘lajak Prezidentlik saylovi xususida maqola e'lon qilindi. 

Unda aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (MSK) «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunning 24-moddasi va «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, 2016 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etish yuzasidan ariza topshirgan siyosiy partiyalarning murojaatlari va hujjatlarini o‘rganib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi uchun saylovlarga O‘zbekistondagi 4ta siyosiy partiyaga ham ruxsat bergan. 

Maqolada qayd etilishicha, MSK siyosiy partiyalarning barcha vakolatli vakillariga shu haqdagi guvohnoma va o‘rnatilgan namunadagi imzo to‘plash varaqalarini topshirgan. 

Portalning yozishicha, O‘zLiDeP partiyasidan – Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» milliy demokratik partiyasidan – Sarvar Otamuratov, O‘zbekiston XDPdan – Hotamjon Ketmonov va «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan  – Narimon Umarov nomzodi ilgari surilgan. Mazkur nomzodlar, 2016 yil 14-15 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan partiyalarning qurultoy va s'yezdlarida tasdiqlanishi lozim. 

Svoboda.kg nashrining ta'kidlashicha, O‘zbekistondagi prezidentlik saylovoldi kampaniyasi oshkoralik va shaffoflikka asoslangan. MSKning faoliyati esa, qonunga to‘liq rioya qilingan holda hamda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Dasturga muvofiq tashkil etilgan, deb yozmoqda jahonnews.uz sayti.
 

Mavzuga oid