O‘zbekiston | 14:19 / 05.10.2016
5768
2 daqiqa o‘qiladi

Saylov-2016: Bugunga qadar 500dan ortiq xorijiy va milliy OAVning vakillari akkreditatsiyadan o‘tdi

2016 yilning 4 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining ahamiyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.

Davra suhbatida Markaziy saylov komissiyasi a'zolari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchilari, huquqshunos olimlar, saylov huquqi bo‘yicha ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shu yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o‘sgan, fuqarolarning mas'uliyati hamda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir sharoitda tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Tadbirda O‘zbekistonda saylov umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan ixtiyoriylik asosida ochiq va oshkora o‘tkazilishi alohida qayd etildi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga 2015 yilda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga binoan, saylovoldi tashviqoti nafaqat saylov kuni, balki ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin ham olib borilmaydi.

Bugunga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 500dan ortiq xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarining vakillari akkreditatsiyadan o‘tganligi fikrimizning yorqin dalilidir. O‘zaro muloqot va fikr almashish shaklida o‘tkazilgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob olishdi.
 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid