Jahon | 12:34 / 05.10.2016
8557
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putinni amerikalik siyosatchilarga hurmatsiz munosabatda bo‘lishda aybladi

Foto: AP Photo

AQSh prezidentligi uchun Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lmish Donald Tramp Rossiya tomoni Suriya masalasida Amerika bilan kelishuvni buzib, amerikalik yetakchilarga hurmatsiz munosabatda bo‘lganini aytib o‘tdi.

"Bu kelishuvni Rossiya buzdi. Ular o‘t ochishmoqda, bombalashmoqda va boshqa shu kabi turfa ishlarni", degan u Arizonadagi saylovoldi chiqishi vaqtida.

"Buni yakunlash kerak. Tezroq bir yoqli qilish kerak", deya ta'kidlagan nomzod.

Vashington 4 oktabr kuni Moskva bilan Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida olib borilgan muzokaralar to‘xtatilgani haqida ma'lum qildi. Bunga Rossiya tomoni sentabr oyidagi kelishuvga amal qilmagani sabab sifatida keltirildi. Shu tariqa, yuz minglab kishilarning yostig‘ini quritgan va 11 milliondan ortiq kishining hayotiga halokatli ta'sir ko‘rsatgan fuqarolik urushiga barham berish borasidagi umidlar chippakka chiqdi.

AQSh va G‘arbning boshqa mamlakatlari Moskva va Damashqni harbiy jinoyatlarda, jumladan ongli ravishda tinch aholi vakillarini, shifoxonalarni, gumanitar yordam karvonlarini bombalashda ayblamoqda.

Rossiya va Suriya tomoni esa faqat jangarilarga qarshi amaliyotlar o‘tkazilayotganini ta'kidlamoqda.

Trampning 8 noyabr kungi saylovdagi asosiy raqibi, demokratlar partiyasi vakili Hillari Klinton Trampni Rossiyaga moyillikda ayblab kelmoqda edi.

Tramp AQShning hozirgi prezidenti Barak Obama va Rossiya rahbari Vladimir Putinni taqqoslab, ruslar prezidentini qat'iyroq deya atagandi. 

Tramp bu tanqidga javoban Putin bilan hech qachon uchrashmasligini aytdi. U rossiyaliklar yetakchisi na Obamani, na Klintonni hurmat qilganini aytdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid