Sport | 07:00 / 13.10.2016
9791
2 daqiqa o‘qiladi

Fyodor Yemelyanenkoning qiziga hujum qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Rossiya MMA (aralash jang san'ati) ittifoqi prezidenti Fyodor Yemelyanenkoning katta qizi Mariya Yemelyanenkoga hujum qilinishi holati bo‘yicha "Kaltaklash" moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda "Moskovskiy komsomolets" nashri muxbiri Yeva Merkacheva feysbukda ma'lum qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qizga hujum qilish bo‘yicha politsiyaga ariza Yemelyanenkoning sobiq rafiqasi tomondan berilgan.

Avvalroq Bolalar shoshilinch jarrohligi va travmatologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida ularga noma'lum kimsa tomondan kaltaklangan 16 yoshli qiz keltirilgani tasdiqlangandi. Shu bilan birga hujum 9 oktabrda sodir etilgani ma'lum qilingan.  

Dastlab 9 yoshli qizga u maktabdan qaytayotganda hujum qilingani xabar qilingandi. Ta'kidlanishicha, qiz voqea haqida darrov aytmagan, biroq uni keyinroq shifoxonaga olib borishgan. Shifokorlar qizga "ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘i shikastlanishi" tashxisini qo‘yganlar. "MK" ushbu voqea Yemelyanenkoning Grozniydagi MMA musobaqasini tanqid qilganidan keyin sodir etilganiga e'tibor qaratgan. Shu tanqid sababli Yemelyanenko Checheniston rahbari Ramzon Qodirov yon atrofidagilarning tazyiqiga uchragandi.

Vikipediyaga ko‘ra, sportchining ikki turmush o‘rtog‘idan 1999, 2007 va 2011 yilda tug‘ilgan 3 nafar qizi bor.

Mavzuga oid