O‘zbekiston | 15:16 / 21.10.2016
28088
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va BMT hamkorligi umumiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda

24 oktabr – BMT tashkil topgan kun.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining joriy yil sentabr oyida o‘tgan 71-sessiyasi majlisi oldidan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni yod etish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarlari, siyosatchilar, diplomatlar va BMT vakillari buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 193 mamlakatni birlashtirgan eng yirik xalqaro tuzilma. Bosh Assambleya uning eng asosiy organi. Bosh Assambleya majlislarida butun dunyo elitasi yig‘iladi, ishtirokchilar va tadbirlar ko‘pligidan har bir soniya hisobli bo‘ladi. Shu bois uning kun tartibiga eng muhim, xalqaro ahamiyatga molik masalalar kiritiladi.

Birinchi Prezidentimiz ana shunday hurmat-e'tiborli, butun dunyo uchun qadrli ulug‘ davlat arbobi edi. Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlikni ta'minlabgina qolmay, boshqa davlatlarni ham shunga undar edi. Har doim xavf-xatarlarni avvaldan sezib, ularning oldini olish yo‘llarini ko‘rsatib berar, tinchlik va barqarorlik uchun jon kuydirardi. Mintaqaviy va xalqaro masalalarda BMT hujjatlaridagi huquqiy me'yorlarga rioya qilish, turli ziddiyatlarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish zarurligini ta'kidlar edi.
Bu – dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida tuzilgan BMTning asosiy faoliyatiga o‘ziga xos tayanch va quvvat bo‘ldi. Buni yuqorida qayd etilgan Bosh Assambleya yig‘ilishida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham alohida ta'kidladi. “O‘zbekiston rahbari rahnamoligida mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashga ulkan hissa qo‘shildi. Islom Karimov tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etilgani jahon hamjamiyatining muhim yutuqlaridan biri bo‘ldi”, dedi u.

Afg‘oniston muammosini tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan “6+2” muloqot guruhini tashkil etish, Orol muammosi oqibatlarini bartaraf etish, xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘larning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish borasidagi taklif va sa'y-harakatlar butun mintaqa manfaatlariga xizmat qildi.

Birinchi Prezidentimiz Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1999 yilgi Istanbul sammitida BMT huzurida terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. 2001 yil 28 sentabrda BMT Xavfsizlik kengashi doirasida terrorizmga qarshi kurash qo‘mitasining tashkil etilishi bu g‘oyaning amaldagi natijasi bo‘ldi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

O‘zbekiston BMTga 1992 yil 2 mart kuni a'zo bo‘lgan. Bugun mamlakatimizda uning qator tuzilmalari – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Bolalar jamg‘armasi, Aholishunoslik jamg‘armasi, Taraqqiyot dasturi, Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi, OIV/OITS bo‘yicha birlashgan dasturi va boshqa tuzilmalarining vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatayotir.

BMTning Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNeSKO bilan hamkorlik alohida e'tiborga molik. Mazkur tashkilot yurtimizdagi tarixiy obidalar, qadimiy shaharlar, yozma va og‘zaki xalq ijodiyoti, umuman, o‘zbek xalqining boy merosiga katta e'tibor bilan qaraydi. O‘zaro hamkorlikda har ikki yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent, Qo‘qon, Termiz shaharlaridagi ko‘plab obidalar YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2014 yil may oyida “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazilgan.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi – YuNFPA 1993 yildan buyon mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yuqumli kasalliklar profilaktikasiga ko‘maklashish kabi ishlarga hissa qo‘shib kelmoqda. BMT Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF bilan hamkorlikda bolalar salomatligini mustahkamlash, ularni emlash, maktabgacha ta'lim muassasalari va maktablarda tibbiy madaniyatni oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Mamlakatimizda BMT Jahon sayyohlik tashkiloti – YuNVTO bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Samarqandda YuNVTOning Buyuk ipak yo‘lidagi mintaqaviy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zaro hamkorlikda xalqaro sayyohlik yarmarkalari, anjumanlar va seminarlar tashkil etib kelinmoqda. 2014 yil oktabr oyida Samarqandda o‘tkazilgan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi turizm industriyasi rivojida muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAOga 2001 yilda a'zo bo‘lgan. 2014 yil 6 iyunda Toshkentda mazkur tashkilot vakolatxonasi ochilgan. Mamlakatimizda FAO bilan hamkorlikda suvni tejash va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Yerga ishlov berish, seleksiya va urug‘chilik, cho‘llanish va yer yemirilishiga qarshi kurashishning ilg‘or uslublari hayotga tatbiq qilinmoqda. Buning natijasida g‘allachilik, paxtachilik, chorvachilik, bog‘dorchilik va boshqa sohalarda mahsulot hajmi va sifati oshmoqda.

Mamlakatimizda Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilingan. 2014 yil oktabr oyida Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzuidagi xalqaro konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ham O‘zbekiston va BMTning intilishlari mushtarak, sa'y-harakatlari hamohang ekanidan dalolat beradi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2010 yil aprel oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida ShHT va BMT kotibiyatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Bu hujjat dunyodagi ikki yirik xalqaro tuzilmaning aloqalariga asos bo‘lib kelmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti O‘zbekiston bilan munosabatlarga alohida e'tibor qaratishi bejiz emas. Chunki O‘zbekiston har qanday vaziyatda ham tinchlik, barcha muammolarni tinch va siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal etish tarafdori, hamkorlik tashabbuskoridir. Bunday ezgu siyosat izchil davom ettirilmoqda, umumiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda.

 

Mavzuga oid