Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alijon Ochilov: “Saylovchining huquqiy madaniyati yuksak bo‘lsa, ovoz berishda faol qatnashadi”
Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida, shu bilan birga, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i, Huquqiy targ‘ibot va ma'rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash kotibi Alijon Ochilov bilan suhbatimiz saylovchilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida bo‘ldi.
– Tabiiyki, saylovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, saylov bo‘yicha xalqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalari asosida o‘tishi ko‘p jihatdan fuqarolarimizning siyosiy-huquqiy madaniyatiga, ularning faolligi va fuqarolik burchini chuqur anglashiga bog‘liq, – dedi A. Ochilov. – Demak, saylovchilarimizning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksak bo‘lsa, ular ushbu siyosiy jarayonda ongli ravishda yondashadi, o‘z ovozi davlatning va jamiyatimiz hayoti, mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini tushunib yetadi.
2016 yilning 7 oktabrida Markaziy saylov komissiyasi xuddi shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturini tasdiqlagan edi. Mazkur dasturda aholi o‘rtasida milliy saylov tizimi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun, ushbu qonunga keyingi yillarda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi qarorlari mazmun-mohiyati hamda saylovchilarning bu boradagi huquq va erkinliklarini keng tushuntirish ishlarini olib borishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘zda tutilgani bilan ahamiyatlidir.
– Dasturni hayotga tatbiq etish doirasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Shu kunlarda ushbu dasturda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, saylovga oid 16 ta ommabop risola tayyorlandi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonun hamda “O‘zbekiston Respublikasining saylov to‘g‘risidagi qonunlari” to‘plami chop etilib, joylarga yetkazildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirga qadar joylarda 5000dan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Ularning aksariyati uchrashuv, davra suhbati va seminar shaklida amalga oshirilgani uchun ham saylovchilar bilan yuzma-yuz gaplashish imkoniyatini yaratdi. Masalan, shu yilning 21 oktabrida Toshkent shahrida Markaziy saylov komissiyasi hamda Adliya vazirligi hamkorligida saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik mavzusiga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, xorijiy mamlakatlarda ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoniga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda. Buni chet ellardagi ommaviy axborot vositalarida 600 dan ortiq maqola va material e'lon qilingani ham tasdiqlab turibdi.
Ma'lumki, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oiladek yashab kelishmoqda. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, “Yagona oilada – V seme yedinoy” shiori ostida O‘zbekiston fuqarolari millati, dinidan qat'i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekanini, millatlararo totuvlik jamiyatdagi barqarorlikning bosh omili bo‘layotgani tushuntirishga qaratilgan uchrashuvlar, OAVda chiqishlar ham tashkil etilmoqda.
Masalan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasida har haftaning juma kunlari “Didar”, “Ranginkamon, “Nao‘pir”, “Chinsen” (qozoq, tojik, qoraqalpoq va koreys tillarida), chorshanba kunlari (oyda ikki marotaba) “Yagona oilada”, “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” ko‘rsatuvlari, seshanba kunlari esa milliy-madaniy markazlar faoliyati xaqida radioeshittirishlar efirga uzatilmoqda.
Dastur asosida xotin-qizlar, nuroniylar, imkoniyati cheklangan shaxslar, yoshlar, shu jumladan, birinchi marotaba ovoz beruvchi fuqarolar o‘rtasida ham samarali targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etilmoqda.
– Ma'lumki, joriy yilgi saylovda birinchi marta ovoz beradigan yigit-qizlarimiz ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning saylov haqida bilimlarini oshirish bo‘yicha qanday ishlar olib borilyapti?
– Haqiqatan ham, saylov kuniga qadar 18 yoshga to‘lib, ovoz berishda qatnashish baxtiga muyassar bo‘lgan yoshlarimiz soni ko‘pchilikni tashkil qiladi. Shu ma'noda, saylovda birinchi marta qatnashayotgan yigit-qizlarning saylovga oid bilimlarini yuksaltirish masalasiga bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida e'tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalaridagi axborot va murabbiylik soatlarida, ma'naviyat kunlarida o‘quvchi va talabalarga saylovga oid qonun hujjatlari, saylovda ovoz berish qoidalari tushuntirilmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari uchun Prezident saylovining huquqiy asoslarini o‘rganish yuzasidan 4 soatga mo‘ljallangan maxsus kurs o‘quv dasturi tayyorlandi. U asosida 1637 ta ta'lim muassasasidagi o‘quv dasturlariga “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o‘tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslari” mavzusida mashg‘ulotlar olib borilmoqda.
Yuqoridagi dastur asosida yaqin kunlar ichida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligida yoshlar uchun “Mening ovozim – Vatanim kelajagi”, aholining saylov jarayonidan xabardorlik darajasini yanada oshirish uchun “Men shaxsan o‘zim ovoz beraman”; “Bizning oilamizda har birimiz o‘z ovozimizga egamiz”, “Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?” kabi aksiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi doirasida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar, yuqorida ta'kidlanganidek, Prezident saylovining Konstitutsiya va qonunlarimiz, saylov bo‘yicha xalqaro huquqning umume'tirof etilgan qoidalari asosida o‘tishiga xizmat qiladi.
Respublika matbuot markazi xodimi
Zaurbek Aslanov suhbatlashdi
Mavzuga oid
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026