Sport | 15:09 / 26.10.2016
6444
3 daqiqa o‘qiladi

Mourino oilasidan ayriliqda qolayotganidan va surbet paparatstsilardan nolidi

Foto: VVS

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino Liga kubogi doirasida «Manchester Siti»ga qarshi kechadigan uchrashuv arafasida bergan intervyusida o‘zining tumanli albiondagi hayotiga havas qilib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

«Qizil iblislar» boshqaruvini mavsum arafasida qabul qilib olgan portugaliyalik mutaxassisning yangi jamoasidagi ishlari ko‘ngildagidek yurishmayapti.

«Manchesterda uy sotib olaymi? Bilmadim, bilmadim... Vaziyat shunday, mening qizim keyingi haftada 20 yoshga to‘ladi, o‘g‘lim bir necha oydan keyin 17 yoshni qarshilaydi. Ularning rejalari bor... Londondagi universitet, Londondagi futbol, do‘stlar.

Ular shunday yoshdaki, endi men bilan hamma joyga ham birga ketaverishmaydi. Birinchi marta shunday bo‘lishi, mening oilam butunlay boshqacha yashamoqda, men kabi emas. Biz umid qilamizki, bu vaziyatdan chiqib ketamiz va hayotimiz yangi bosqichga o‘tadi», — deya Mourinoning so‘zlarini keltirgan SkySports.

Portugaliyalik murabbiy oilasi bilan ayriliqdan tashqari, britaniyalik paparatstsilarning surbetligi ham uni qiynayotgani haqida aytib o‘tgan.

«Sizlarga paparatstsilarning qandayligi ma'lum. Menga homiylik qiladigan mehmonxonalar va liboslar markalari uchun ularning borligi yaxshi, ularning nomlari har kuni gazetada chiqadi. Barcha bu mehmonxonalarni bilib oladi, barcha brendning yangi mahsulotlari kolleksiyasi do‘konlarda paydo bo‘lganidan xabardor bo‘ladi.

Lekin men uchun ular haqiqiy falokat. Ba'zida men shunchaki sayr qilgim keladi, ammo bu ilojsiz ishga aylanadi. Men shunchaki ko‘prik ustidan yurib o‘tib restoranga borgim keladi, ammo bu ilojsiz ishga aylanadi — bu dahshat. Yaxshiki, smartfonimda taomlar buyurtma qilishim uchun ilova bor va men shundan foydalanishga majbur bo‘laman», — deya qo‘shimcha qilgan Mourino.

Mavzuga oid